Xalqaro janjal: Kanada Hindistonni siyosiy qotillikda aybladi
Olam
−
19 Sentabr 2023
6787Kanada rasmiylari Hindiston razvedka xizmatlarini shov-shuvli siyosiy qotillikda ishtirok etganini da’vo qilmoqda. Nyu-Dehli esa bu ayblovlarni rad etib, ularni absurd deb atadi. Bu haqda bugun, 19 sentyabr kuni “The Guardian” nashri xabar berdi.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Hindiston razvedka xizmatlari Kanada sikxlari jamiyati yetakchisi Hardip Singh Nijjarning shov-shuvli o‘ldirilishida ishtirok etganini aytdi. Parlamentda so‘zlagan nutqida u Kanada rasmiylarida Hindistonning jinoyatga aloqadorligi haqida "ishonchli dalillar" borligini bildirgan va qotillikni Kanada suverenitetiga "qabul qilib bo‘lmaydigan hujum" deb atagan. Kanada Tashqi ishlar vaziri Melani Joli ham ushbu voqeadan keyin hind diplomatlaridan biri mamlakatdan chiqarib yuborilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, vazir Joli shu hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi uchun Nyu-Yorkka borganidan so‘ng, ittifoqchilari bilan uchrashuvlar chog‘ida Hindistonning harakatlarini muhokama qilishni rejalashtirayotganini aytgan.
Bundan tashqari, Kanada sudi chet el hukumatlari aralashuvi bo‘yicha jamoatchilik tekshiruvini boshlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nijjar o‘z hayotiga tahdidlar haqida Kanada razvedka agentligi, Jahon sikx tashkilotiga xabar bergan.
"Agar ayblovlar rost bo‘lsa, bu Kanada suverenitetiga nisbatan shafqatsiz haqoratdir. Fuqarolarimiz har qanday sudsiz qotillikdan, ayniqsa, xorijiy hukumatlar qo‘lidan himoyalangan bo‘lishi kerak", deydi Konservativ partiya rahbari Per Pualiyevr.
O‘z navbarida, Hindiston rasmiylari bu ayblovlarni keskin rad etib, ularni absurd deb atadi. Diplomatik mojaro ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni ancha murakkablashtirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, sikxlar nisbatan kichik diniy guruh bo‘lib, ularning dunyo bo‘ylab taxminan 25 million tarafdori bor. Ularning aksariyati Hindistonda yashaydi. Joriy yilning iyun oyida otib o‘ldirilgan Hardip Singh Nijjar esa sikxlarning Kanadadagi yetakchilaridan biri edi. Nijjar “Xaliston” deb ataluvchi mustaqillik harakatini va Hindistonda alohida sikx davlati tashkil etilishini ochiq qo‘llab-quvvatlagan.
LiveBarchasi