Xalqaro tashkilotga qo‘shilish suverenitetni cheklashdir – Sodiq Safoyev JST va YeOII haqida

Jamiyat

image

Har qanday xalqaro integratsiya birlashmasiga qo‘shilish mamlakat mustaqilligini cheklash, o‘z vakolatlarining bir qismini milliy hokimiyatdan ustun bo‘lgan tashkilotga berish demakdir. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Safoyev O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishiga nima xalaqit berayotgani haqida quyidagicha fikr bildirdi: 

“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish borasidagi xavotirlarimiz tashqi iqtisodiy va siyosiy ishlarimizda hamda tashqi siyosiy sheriklarimizni belgilashda qanchalik mustaqillikni saqlab qolishimiz bilan bog‘liq”.

Safoyev shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi to‘g‘risida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“JSTga qo‘shilishga keladigan bo‘lsak, bu yerda unaqa xavotir yo‘q. Chunki ushbu tashkilotda aniq va shaffof tizim mavjud. Ushbu tashkilotga qo‘shilish borasida muzokaralarning uzoq davom etayotganiga sabab: O‘zbekistonning ushbu tashkilotdagi o‘rni, pozitsiyasi aniq qilib belgilanmoqda. Bu esa bizga iqtisodiy rivojlanganligimiz darajasidan kelib chiqqan holda, o‘z manfaatlarimizni himoya qilishga va boshqa savdo hamkorlarimizning qamroviga kirib qolmasligimizga imkon beradi”, deydi Safoyev.

Eslatib o‘tamiz, Sodiq Safoyev G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ham ta’siri borligi haqida fikr bildirib, bunga ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning yuqori ekanini sabab qilib, ko‘rsatgan edi. 

Shuningdek, Safoyev 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlari haqida ham to‘xtalib, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdan boshqa munosib nomzod yo‘qligini aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Safoev

Baholaganlar

290

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing