Shavkat Mirziyoyevdan boshqa nomzod ko‘rmayapman – Safoyev prezident saylovi haqida
Jamiyat
−
04 mart 2021
9265Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarida amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdan boshqa munosib nomzod yo‘q deb hisoblamoqda. Bu haqda u Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Safoyevga ko‘ra, ushbu saylovlar orqali xalq o‘tgan yillarda amalga oshirilgan islohotlarga baho beradi.
“Shuning uchun ham ular juda muhim. Boshqa tomondan, saylovlar umuman boshqa sharoitda bo‘lib o‘tishi tushunarli: bugun boshqacha O‘zbekiston, boshqacha fuqarolik jamiyati, boshqacha ommaviy axborot vositalari, boshqacha ochiqlik darajasi. Tayyorgarliklarga ham, saylovlarning o‘tkazilishiga ham qat’iy baho beriladi, deydi senator.
Uning ta’kidlashicha, yaqinlashayotgan saylovlarda eng muhim ikki vazifa bor. Ulardan biri ichki muhitga, ikkinchisi tashqiga aloqador.
“Birinchisi — xalq saylovlar haqqoniy va adolatli o‘tganini, o‘zi xohlagan nomzod saylanganini ko‘rishi kerak. Ikkinchisi O‘zbekiston imiji uchun juda muhim — xalqaro hamjamiyat, YeXHT (Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) va boshqalar ushbu saylovlarni haqqoniy va adolatli deb tan olishi. Bu maksimal ravishda boshqacha darajadagi tayyorgarliklarni talab qiladi”, deya o‘z qarashini izohladi senator.
Sodiq Safoyevning saylovdagi nomzod haqida fikrini bildirar ekan, Shavkat Mirziyoyevdan boshqa nomzod ko‘rmayotganini ochiq aytgan. U amaldagi davlat rahbarini islohotlar lokomotivi deya tariflagan.
“Ochiqchasiga aytishim mumkin, men Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan boshqa nomzod ko‘rmayapman. Bu inson islohotlarni boshladi, ularning lokomotivi, g‘oyalar generatori. Menimcha, unga keyingi muddatga yangi mandat berish O‘zbekiston kelajagi uchun hayotiy ahamiyatga ega”, deb hisoblaydi u.
O‘z navbatida, senator saylovlar muvaffaqiyatli o‘tishi uchun alternativ nomzod va dasturlar ham bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.
LiveBarchasi