Safoyev Rossiya “gardanidagi” sanksiyalarning O‘zbekistonga ta’siri haqida gapirdi
Jamiyat
−
04 mart 2021
10536AQSH va Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan qo‘llayotgan sanksiyasidan, albatta O‘zbekiston ham azob chekmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Safoyevga ko‘ra, O‘zbekistonning yetakchi iqtisodiy sherigi – Rossiyada vaziyat yomonlashsa, albatta bu mamlakatda ham o‘z aksini topadi.
“Rossiyada vaziyat yomonlashsa, bu u yerdagi ishlash sharoiti va rublda o‘z aksini topadi. Bu biz uchun yaxshi emas. Shuning uchun sanksiyalar (Rossiyaga qo‘yilayotgan – tahr.) biz uchun ahamiyatga ega emas deyish, xato bo‘ladi”, deydi Safoyev.
Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyaga bog‘liq bo‘lib qolishi xavfli emasmi, deyilgan savolga Safoyev quyidagicha javob berdi:
“Nima qilish kerak endi, Rossiyadan uzoqlashish kerakmi? Axir, bizning tarixiy aloqalarimiz ildizi nafaqat O‘zbekiston Rossiya imperiyasining tarkibida bo‘lgan davrlarga, balki undan ham oldin ya’ni umumiy siyosiy, savdo va lingvistik jarayonlar borgan “Buyuk dasht” (Yevroosiyo mintaqasi – tahr.) umumiy makoniga borib taqaladi”.
Shuningdek, Safoyev Rossiya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkori ekanini ta’kidlagan.
“Rossiya Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi O‘zbekistonning eng muhim iqtisodiy hamkori. U yerdan mamlakatga katta investitsiya oqimi kiradi va millionlab o‘zbekistonliklar Rossiyada ishlaydi”, deydi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, Sodiq Safoyev 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlari haqida fikr bildirib, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdan boshqa munosib nomzod yo‘qligini aytib o‘tgandi.
LiveBarchasi