Xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik AQSHdan ekstraditsiya qilindi
3-sahifa
−
03 iyun 2025 9635 2 daqiqa
O‘zbekiston Interpolining Milliy markaziy byurosi ko‘magida Amerika Qo‘shma Shtatlarida qidiruvdagi shaxsning joylashgan o‘rni aniqlanib, u o‘z yurtiga qaytarildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosining axborot ko‘magi hamda AQSHning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi bilan yaqin hamkorligi tufayli mamlakat huquq-tartibot organlari tomonidan qidirilayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan va mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismida nazarda tutilgan o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik sodir etganlikda ayblanayotgan bo‘lgan.
“O‘zbekiston Interpol MMB xodimlari va AQSHning vakolatli organlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar, qo‘shma tezkor harakatlar hamda o‘zaro ma’lumotlar almashish natijasida Amerika tomoni bilan hamkorlikda qidiruv e’lon qilingan shaxsni mamlakat hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, AQSHning Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) xodimlari kuzatuvida u Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportga keltirilgan va keyinchalik javobgarlikka tortish maqsadida Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahrida Qozog‘iston hududida juda katta miqdordagi firibgarlikda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingandi. Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining so‘roviga binoan Rossiya tomoni gumonlanuvchini ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Live
Barchasi