Xakerlar Braziliya banklaridan 140 mln dollar o‘mardi

Olam

image

Xakerlar Braziliyaning olti bankidan taxminan 140 million dollar o‘g‘irladi. Bu haqda “Globo” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ular bu jinoyatni C&M nomli IT kompaniyasining xodimi orqali amalga oshirgan. Ushbu kompaniya Braziliya Markaziy banki bilan moliyaviy muassasalar o‘rtasidagi aloqa tizimlarini ishlab chiqadi.

Voqea 2025 yilning 30 iyun kuni sodir bo‘lgan. Xakerlar kompaniya xodimini pora bilan aldab, uning maxfiy tizimlarga kirish uchun kerakli hisob ma’lumotlarini olgan. Xodim dastlab o‘z hisob ma’lumotlarini taxminan 920 dollarga sotgan, so‘ngra Notion platformasi orqali xakerlarning ko‘rsatmalariga amal qilib, tizimda zaruriy harakatlarni bajargan va buning evaziga yana 1850 dollar olgan.

Ushbu maxfiy tizim orqali xakerlar Braziliya Markaziy banki bilan bog‘langan infratuzilmaga kirib, yirik miqdordagi pul o‘zlashtirgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan banklardan biri 100 million dollar yo‘qotgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchta alohida tergovni olib bormoqda, biroq hozircha xakerlar haqida to‘liq ma’lumot berilmagan.

Xodim o‘z faoliyatini yashirishga harakat qilgan, u har 15 kunda telefonini almashtirgan, lekin 3 iyul kuni San-Pauluda hibsga olingan. Xakerlar o‘g‘irlangan pullarning 30-40 million dollarini kriptovalyutalarga – BTC, ETH va USDT’ga aylantirishga ulgurgan. Bu mablag‘lar turli kriptobirjalar va maxfiy platformalar orqali o‘tkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum Braziliyada keng qo‘llanadigan va aholining 76,4 foizi foydalanuvchi bo‘lgan PIX tezkor to‘lov tizimiga ham zarar yetkazgan. C&M kompaniyasining bayonotida ularning axborot tizimi zaif bo‘lmagani, xakerlar faqat ijtimoiy muhitdan foydalanib, odamni aldash orqali hujum uyushtirganini ta’kidlangan. Shuningdek, kompaniya xavfsizlik tizimi bu noqonuniy kirishni aniqlashda muhim rol o‘ynaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya xakerlari Bybit kriptobirjasining rasmiy akkaunti – Ethereum hamyonlaridan qariyb 1,5 milliard dollarni o‘margandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank Xakerlar Braziliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing