KXDR xakerlari Bybit’dan qariyb 1,5 mlrd dollarni o‘mardi

Olam

image

Joriy yilning 21 fevral kuni Bybit kriptobirjasining rasmiy akkaunti Ethereum hamyonlaridan biriga buzib kirilgani haqida xabar berdi. Jinoyatchilar ushbu hamyonda saqlangan kriptovalyutani noma’lum manzilga o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay, Bybit asoschisi Ben Chjou xakerlik hujumining umumiy zarari taxminan 401 ming ETH ekanini ma’lum qildi. Hujum sodir bo‘lgan paytda bu mablag‘ 1,4 milliard dollarga teng bo‘lgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu nafaqat kriptovalyuta tarixidagi eng yirik o‘g‘irlik, balki umuman, eng katta talonchiliklardan biri bo‘lishi mumkin. 

Ben Chjou hujum oqibatida faqat bitta hamyon xavfsizligi buzilganini, qolgan barcha hamyonlar himoyalangan holda qolayotganini ta’kidlagan (ularning umumiy soni oshkor etilmagan). Bybit asoschisi, shuningdek, ushbu voqea birja faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmaganini va barcha operatsiyalar odatiy tartibda davom etayotganini bildirgan. Biroq xakerlik hujumi haqida e’lon qilingan dastlabki 10 soat ichida Bybit platformasidan ommaviy mablag‘ chiqarib olish jarayoni boshlangan. Chjouning aytishicha, birja 350 mingdan ortiq pul yechib olish so‘rovlarini olgan va deyarli barchasini qayta ishlashga muvaffaq bo‘lgan.

Hujumdan bir kun o‘tib, kriptovalyutalar bilan bog‘liq jinoyatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi ZachXBT taxallusli foydalanuvchi Bybit birjasini Shimoliy Koreyaning Lazarus Group xakerlik guruhi buzib kirganini isbotlovchi dalillarni topdi. TechCrunch nashriga bergan izohida u o‘z xulosalariga 100 foiz ishonchi komil ekanini aytdi.

Barcha tranzaksiya yozuvlari blokcheynda ochiq bo‘lgani sababli, ZachXBT o‘g‘irlangan mablag‘lar harakatini kuzatishga muvaffaq bo‘lgan va ularni avvalgi birja buzilishlarida qo‘llanilgan hamyonlarga bog‘lagan. Barcha holatlarda hujum Shimoliy Koreya bilan bog‘liq bo‘lib chiqqan. U Bybit hujumiga aloqador bo‘lgan va keyinchalik pul yuvishda ishlatilgan 900 dan ortiq manzilni aniqlagan. Lazarus Group’ning ishtirokini Elliptic tahliliy kompaniyasi mutaxassislari ham tasdiqlagan. 

Ma’lumot uchun, Lazarus Group KXDRdagi eng “muvaffaqiyatli” xakerlik guruhlaridan biri hisoblanadi. U kamida 2009 yildan beri faoliyat yuritib keladi va shu vaqt davomida bir qator yirik xakerlik hujumlarini amalga oshirgan. 2019 yildan beri Lazarus Group AQSH sanksiyalariga tushgan bo‘lib, rasmiy Vashington ularni Shimoliy Koreya hukumati bilan bevosita bog‘liq deb hisoblaydi.

NCC Group ekspertlarining taxminicha, Lazarus Group'ning barcha hujumlari KXDR hukumati tomonidan tasdiqlangan, chunki mamlakatda internetga erkin kirish imkoni mavjud emas va mustaqil ravishda bunday faoliyat bilan shug‘ullanishning iloji yo‘q. Ular, shuningdek, Shimoliy Koreyaning aksariyat xakerlari dastlabki kompyuter ta’limini Xitoyda olishini taxmin qilmoqda.

Elliptic kompaniyasiga ko‘ra, Lazarus Group xakerlari 2017 yildan beri jami olti milliard dollarlik kriptovalyutani o‘g‘irlagan. BMT hisobotida esa ancha kichikroq raqamlar keltirilgan: o‘tgan yili tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, oxirgi olti yil ichida barcha shimoliy koreyalik xakerlar jami uch milliard dollarlik zarar yetkazgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar Pxenyanning yadro va raketa dasturini moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bitcoin narxi 5,5 foizga pasayib, 88 800 dollargacha tushib ketgani xabar qilingandi. Bunga sabablardan biri Bybit birjasidan 1,5 milliard dollar miqdorida kriptovalyuta o‘g‘irlangani keltirilgan. Ushbu voqea raqamli aktivlarning xavfsizligiga bo‘lgan ishonchni susaytirib, bozorga bosim o‘tkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

KXDR xaker Bybit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing