Xafizulloh Turg‘unboyevning vafoti yuzasidan Toshkent shahar IIBB o‘z talqinini e’lon qildi
Tahlil
−
06 iyun 2023
21877Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) 29 may kuni vafot etgan 21 yoshli Xafizulloh Turg‘unboyevning jamoatchilik uzoq kutgan o‘lim tafsilotlari videosini e’lon qildi. Qizig‘i shundaki, Chilonzor tuman IIB binosi 4-qavatidan o‘zini tashlab og‘ir jarohatlangani aytilayotgan, bir haftadan so‘ng esa shifoxonada vafot etgan yigitning o‘limi yuzasidan “jurnalistik surishtiruv”ni Toshkent shahar IIBB xodimining o‘zi o‘tkazgan.
E’lon qilingan videoda 22 may kuni Chilonzor tumanidagi YPX maskanida xizmat olib borayotgan inspektorlar tomonidan Gentra rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilgan. Haydovchining hujjatlarini tekshirayotgan YPX inspektori avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Hafizulloh Turg‘unboyevdan shubhalanadi. Shundan so‘ng u bilan xizmat qilayotgan xodimlar avtomashinani va undagi jami uch kishini holislar ishtirokida tekshiradi. Tekshiruv oqibatida Hafizulloh Turg‘unboyevning cho‘ntagidan polietilen sellofanda jigarrang, o‘tkir hidli, 53,52 gm gashish giyohvand moddasi topilgan.
Chilonzor tumani IIO FMBga olib borilgan Hafizullohning davlat advokati bilan qisqa muddatli suhbati “jurnalistik surishtiruv” kadrlarida aks etgan. Biroq voqeaning qolgan qismida, uning tergov qilinish jarayoni, hojatxonaga kirishni so‘ragan va bino zalida harakatlangani tasvirlari ko‘rsatilmagan.
Shuningdek, videoda Hafizullohning sheriklaridan biri bo‘lgan, voqea guvohining tergov jarayonlarida hech qanday qiynoq bo‘lmagani haqidagi intervyusi qistirib o‘tilgan.
“O‘sha kuni men unga ovqat olib kelib, keyin ketdim. Ertasi kuni esa unga qo‘ng‘iroq qilib, nima kerakligini so‘radim. U esa ovqat va boshqa yeguliklar olib kelishimni so‘radi. Tezkor xodimlar kelishimni so‘raganidan so‘ng, Hafizullohga ovqat olib Chilonzir tuman IIO FMBga bordim. Men ham ikki kun idorada edim. Kuch ishlatish, urish harakatlari bo‘lmadi. Lekin men so‘roq qilinayotgan paytimda tashqarida baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Keyin bilsam, Hafizulloh o‘zini tashlagan ekan. Pastda hamma yig‘ilib turgan ekan, men ham bordim. Hammada har xil gap yuribdi. Men Xudodan qo‘rqqanim uchun erkakcha aytaman, haqiqatdan ham uning yonidan giyohvand modda chiqdi, unga hech kim kuch ishlatmadi, urmadi”, degan “guvoh”.
Shu joyiga diqqat qiling. Guvoh Hafizulloh qo‘lga olinganidan bir kun keyin ya’ni ertasiga o‘zini 4-qavatdan tashlaganini aytmoqda. Ammo 29 may kuni Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov Hafizullohning qo‘lga olingan kunining o‘zida hojatxona derazasidan sakraganini yozib chiqqan edi.
Xo‘sh, kim aldayapti bu yerda – guvohmi yoki Shohrux G‘iyosov?
“Jurnalistik surishtiruv” o‘tkazayotgan IIBB xodimi Hafizulloh o‘zini tashlagan hojatxona derazasini ochib, u yerdan o‘zini tashlash uchun barcha shart-sharoit yaratilganini ko‘z-ko‘z qilgan.
“Mana, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, bu hojatxona. Uning derazasidan Hafizulloh pastga sakragan. Mana, ko‘rib turganingizdek, deraza ochiladi”, degan u.
Shundan so‘ng, yigitning 4-qavatdan o‘zini tashlagani haqidagi tafsilotlar profilaktika inspektorlari tomonidan so‘zlab berilgan. Biroq, tasvirlarda yigitning o‘zini tashlagani aniq ko‘rsatilmagan.
Shundan keyin Hafizulloh videoda biror marotaba ko‘rsatilmagan. Bosh prokuratura tomonidan e’lon qilingan mavzuga oid videoyozuvlarda ham kadr burchagidan qora jism o‘tib ketgani, uning odam tanasi yo yo‘qligi bilinmaganini ko‘rish mumkin. Videoda o‘lim tafsilotlari haqida gapirgan, yuzi va shaxsi ochiqlanmagan IIO xodimi uning plastmassadan yasalgan kishan bilan Chilonzor tuman IIOga olib kelinganini aytgan. Ammo QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan videolardan birida Hafizullohning qo‘lida xomtalash qizarishni ko‘rish mumkin.
Toshkent shahar IIBB hamda Bosh prokuratura e’lon qilgan videotasvirlarning birortasida ham yigitning yerda yotgan, shifoxonaga olib borilayotgan va undan keyingi jarayonlar aks etgan kadrlar ko‘rsatilmagan.
Lekin bemorni qabul qilgan shifokor ham shifoxonaga olib kelingan bemorning IIB xodimlari tomonidan kaltaklanish oqibatida vafot etmagani haqida gapirtirilgan.
“Bemor olib kelinganda uning umumiy ahvoli o‘ta og‘ir, hushi koma 2,3 darajasida, arterial qon bosimi 70/40 mm, pulsi 170 atrofida edi. U zudlik bilan hayotiy ko‘rsatmalar asosida traxeya inkubatsiyasi qilindi. Neyroxirurg tavsiyasiga ko‘ra, bosh miyasiga gematoma mavjudligi sababli operatsiya qilindi. Ammo operatsiyadan keyin ham ahvoli yomonligi sababli 29 may kuni tonggi soat 7:00 atrofida vafot etdi”, degan shifokor Sharifjon Eshpo‘latov.
Hafizulloh Turg‘unboyevning o‘lim ma’lumotnomasida esa u bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana a’zolarining gematomasi tashxisi bilan vafot etgani yozilgan.
Shuningdek, shifokor Hafizullohning oila azolari shu paytgacha u bilan uchrashmaganini ham aytib o‘tgan.
"Bemorni men qabul qilganman, rasmiy ravishda faqat sizlarga intervyu beryapman.Yaqinlari to‘g‘risida bizda ma’lumotlar yo‘q. uning qayerdan ekaniga faqat IIO xodimlari tomonidan aniqlik kiritilgan", degan shifokor IIBBga bergan intervyusida.
Lekin Hofizulloh Turg‘unboyevning QALAMPIR.UZ bilan bog‘langan qarindoshlari ular shifoxonaga borgani, lekin bemorni qabul qilgan shifokor sifatida butunlay boshqa shifokor ko‘rsatilgani, u bemorda yiqilish alomatlari yo‘q ekanini aytgan.
“Biz bu shifokor bilan uchrashmaganmiz, boshqa shifokor bilan gaplashganmiz. U Hafizullohning yaqinlaridan uning ovozini yozib olmasliklarini so‘radi va bemorning olib kelingandagi holatini aytib berdi. Aytishicha, shifoxonaga olib kelinganda Hafizullohda 4-qavatdan yiqilish alomatlari bo‘lmagan. Qovurg‘alari, oyoq-qo‘llari butun bo‘lganini aytdi. Lekin Hafizullohning oyoqlari va ko‘zlari ko‘karib ketgani, qo‘llari nima bilandir qattiq qisilib, qavarib ketgani haqida gapirdi. Aniq fikrini so‘raganimda esa, unda yiqilish alomatlari bo‘lmaganini qayta takrorladi”, dedi Hafizullohning qarindoshi.
Ammo o‘sha kuni bemorni qabul qilgan yordamchi shifokorlardan biri ham Hafizulloh olib kelinganida uning ichi ezilib ketgani, shu boiz uning ichi bir necha marotaba yuvilganini yozgan edi.
Qolaversa, Toshkent shahar IIBB kecha e’lon qilgan dalillarini shu paytgacha marhumning oila azolariga ko‘rsatmagan. Ko‘rsatish so‘ralganda esa mas’ullar buning “tergov siri” ekani bilan qarshilik ko‘rsatgan.
“Ular bizga, hatto, uning qo‘lga olingandagi videolarini ham ko‘rsatmagan. Ko‘rsatinglar, deganimizda esa bu tergov siri ekanini aytishdi”, dedi u.
Xullas, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi e’lon qilgan vedeoreportaj yangi savollarning bolalashina sabab bo‘ldi. Ayrim ma’lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Tarmoq faollari, xususan, jurnalist Abror Zohidov agar IIB istagan odam derazadan sakrab qochib ketaveradigan tashkilot bo‘lsa, uni yopib qo‘yaverish kerak, degan fikrda.
Bundan tashqari Hafizullohning yaqinlari agar u haqiqatdan ham o‘zini 4-qavatdan tashlagan bo‘lgan taqdirda ham, uning sog‘ligi uchun IIO xodimlari javobgar bo‘lgani, ammo ular o‘z vazifasigni bajara olmagani uchun ham javobgarlikka tortilishlari kerakligini aytmoqda.
“Haqiqatdan ham Hafizulloh o‘zini 4-qavatdan tashlab yuborgan taqdirda ham, ular javob berishi kerak. Chunki ular o‘sha bolaning xavfsizligini ta’minlashi kerak edi. Jinoyatda gumonlanayotgan shaxsni nima uchun 4-qavatdagi xodimlar uchun mo‘ljallangan hojatxonaga kiritadi? Nima uchun gumonlanuvchilarga mo‘ljallangan hojatxonaga olib bormadi? ” demoqda marhumning yaqini.
QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatib boradi va mavzuga oid har qanday xabarni sizga albatta yetkazadi.
LiveBarchasi