Keyingi “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti qachon va qayerda bo‘lishi aytildi

Olam

image

Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining navbatdagi sammiti 2025 yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 19 may kuni “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida XXR Raisi Si Szinpin aytib o‘tgan.

Ma’lum bo‘lishicha, sammitda qatnashayotgan davlat rahbarlari ushbu formatdagi uchrashuvlarni har ikki yilda bir marta Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarida o‘tkazishga kelishib olgan. Keyingi sammit esa Qozog‘istonda bo‘lishi aytilgan.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham respublika o‘z hududida “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitini o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan.

“Qozog‘iston “Markaziy Osiyo-Xitoy” kotibiyatini yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kotibiyat Xitoyda ishlay boshlasa, biz qarshi emasmiz, bu mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Shuningdek, Qozog‘istonda “Markaziy Osiyo-Xitoy” ikkinchi sammitini o‘tkazishga tayyorligimizni bildiramiz”, degan To‘qayev Sian shahridagi sammitda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, sammitda bildirilgan takliflar qabul qilingan Sian deklaratsiyasida ma’lum darajada o‘z aksini topadi. 

“Men bildirgan tashabbuslar Qozog‘istonning har qanday ob-havo sharoitidagi munosabatlarimiz va ko‘p qirrali hamkorligimizni mustahkamlash istagini tasdiqlaydi. Xitoyda bir maqol bor: “Odamlar birlashsa, Tayshan tog‘ini ko‘chirish mumkin”. Shu bois o‘zaro manfaatli hamkorlikka oid strategik yo‘nalishimizni izchil davom ettirish biz uchun muhim”, degan Qozog‘iston Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy shimoliy-g‘arbiy qismidagi Shensi provinsiyasining Sian shahrida 18-19 may kunlari “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari ham ishtirok etmoqda. Oldinroq sammitga raislik qilayotgan Si Szinpin Pekin Markaziy Osiyo davlatlariga grant asosida 26 milliard yuan (taxminan 3,72 milliard dollar) miqdorida moliyaviy yordam berishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

sammit Markaziy Osiyo – Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing