Bishkekda SHHTning 25 yillik yubiley sammiti boshlandi
Olam
−
09:24 503 2 daqiqa
Bugun, 1 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yilligiga bag‘ishlangan sammit rasman start oldi. Sammitda SHHTga a’zo barcha 10 davlat rahbarlari ishtirok etmoqda.
Qirg‘iz OAVlarining ma’lum qilinishicha, yig‘ilish Qirg‘iziston poytaxtidagi yangi “Iris Ordo” kongress-holida o‘tkazilmoqda. 1 sentyabr sammitning asosiy kuni hisoblanadi. Dastlab SHHT Davlat rahbarlari kengashining majlisi, shundan so‘ng “SHHT plyus” formatidagi yig‘ilish o‘tkaziladi.
Qirg‘izistonning SHHTdagi raisligi “25 yillik SHHT: birgalikda barqaror tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Yubiley sammitida mintaqaviy xavfsizlikdan tortib, sun’iy intellektdan iqtisodiyotda foydalanishgacha bo‘lgan qator masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan. Hujjat loyihasi avvalroq SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari tomonidan kelishib olingan.
Ayni paytda SHHT tarkibiga Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi.
Ma’lumot uchun, tashkilot 1996 yilda “Shanxay beshligi” sifatida tuzilgan. Uning tarkibiga Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kirgan bo‘lib, asosiy maqsadlardan biri harbiy sohada o‘zaro ishonchni mustahkamlash va davlatlar chegaralarini demilitarizatsiya qilish edi.
2001 yilda O‘zbekistonning qo‘shilishi bilan tashkilot rasman Shanxay hamkorlik tashkilotiga aylangan. Shu bilan birga, uning kun tartibi sezilarli darajada kengayib, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash masalalariga ham alohida e’tibor qaratila boshlangan.
Keyingi ikki o‘n yillikda SHHT yana 4 ta davlat hisobiga kengaydi. Tashkilot faoliyati ham faqat xavfsizlik masalalari bilan cheklanib qolmay, iqtisodiyot, savdo, transport, energetika, texnologiya va boshqa sohalarni qamrab oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun Bishkek shahriga jo‘nab ketgandi.
Live
Barchasi