Keskin fikr bildirgan futbolchining “og‘ziga uriladi” – Diyor Imomxo‘jayev
Sport
−
10 yanvar 2023
8981Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik futbolchilar Temurxo‘ja Abduxoliqov va Jaloliddin Masharipovning keskin fikrlari aks etgan videolar tarqalmoqda. Mazkur holat futbol ishqibozlarining qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev Telegram sahifasida o‘ziga ishongan futbolchilar haqida fikr bildirdi.
"Temurxo‘ja Abduxoliqov, Jaloliddin Masharipov yoki yana qaysidir futbolchi biror keskin fikr bildirsa, ularning “og‘ziga uradiganlar”, albatta, topiladi", deb yozib qoldirdi Imomxo‘jayev.
Shuningdek, Imomxo‘jayev o‘ziga ishongan futbolchilarning ijtimoiy tarmoqlarda maqtanishi normal holatligini ta’kidladi.
"Biroq biz futbolchilar gapirayotganidan xursand bo‘lishimiz kerak. O‘ziga to‘liq ishonadigan kishilar har qanday davrada fikrini aniq va tiniq yetkaza oladi. Bizning futbolga o‘ziga ishonadigan futbolchilar juda kerak. Eplasa, maqtansin, uddasidan chiqsa, katta gapirsin. Bu normal holat. Xarizmasi bor futbolchilar o‘zini har qanday sharoitda noqulay his qiladigan futbolchilardan doim ustunroqdir. Ular qolgan sheriklariga ham ba’zida ruhiy ko‘mak bera oladi", deydi O‘zPFL rahbari.
Ma’lumot uchun, Temurxo‘ja Abduxoliqov hozirda Navoiyning "Qizilqum" klubi a’zosi hisoblanadi. Jaloliddin Masharipov esa 2022 yilning 31 dekabr kuni portugaliyalik Krishtianu Ronalduni o‘z safiga qo‘shib olgan Saudiyaning "Al-Nasr" klubida to‘p tepadi.