Keshbek o‘pqoni: soxta cheklar orqali byudjetdan yana 1,4 mlrd so‘m o‘marildi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida bir guruh shaxslar byudjet hisobidan 1,4 mlrd so‘m mablag‘larni soxta cheklar orqali keshbek sifatida talon-toroj qilganligi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va Soliq qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvida “E.P.”, “M.M.” va “E.S.” MCHJlarning mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 322,4 mlrd so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgani aniqlangan. 


Shuningdek, ular savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotganligi haqida 3 363 dona xarid cheklarini chiqargan hamda ularni ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga “Soliq Mobile” ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berib, 1,4 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida soxta xarid cheklari orqali 1,9 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlangandi. 


 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing