Byudjetdan qariyb 2 mlrd so‘mni o‘margan “keshbekchi shovvozlar” ushlandi
3-sahifa
−
20 iyul 2429 1 daqiqa
Jizzax viloyatida soxta xarid cheklari orqali 1,9 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqarolar R.A., T.Sh. hamda “B.R.” va “A.A.” MCHJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, soxta ma’lumotlar asosida noqonuniy sxema tashkil qilgani aniqlangan.
Ular go‘yoki 16,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida hujjatlar rasmiylashtirib, nazorat-kassa mashinalari orqali savdo amalga oshirilgani to‘g‘risida 3 106 ta soxta chek chiqargan.
Mazkur cheklar orqali ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga “Soliq Mobile” ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lovlar amalga oshirilgan. Natijada 1,9 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida 38,3 mlrd so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilinganligi fosh etilgan edi.
Live
Barchasi