Keshbek o‘pqoni: Toshkentda “shovvozlar” soxta cheklar orqali byudjetni 4,7 mlrd so‘mga “qaqshatdi”

3-sahifa

image

Toshkent shahrida tashkil etilgan MCHJlarning bir nechta uyushgan mas’ullari tomonidan qariyb 4,7 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari keshbek sifatida talon-toroj qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.M.” MCHJ mas’ul shaxslari kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda go‘yoki 76,2 mlrd so‘mlik mahsulotlar xarid qilganligi yuzasidan soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgani aniqlangan.

Shuningdek, mazkur shaxslar savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida soxta xarid cheklarini chiqarib bergan hamda ushbu cheklarni Telegram messenjeri orqali 2 475 nafar ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga 70-150 ming so‘mdan sotgan. Cheklar orqali 7,5 mlrd so‘m “Soliq Mobile” ilovasida keshbek sifatida hisoblanib, shundan 4,1 mlrd so‘m to‘lab berilgan. Oxir-oqibat “G.M.” MCHJ mas’ul “shovvozlari” byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shu kabi Toshkent shag‘rining Chilonzor tumanida ham aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvida “E.G.” va “I.F.” MCHJlarning mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda go‘yoki 10 mlrd so‘mlik mahsulotlar xarid qilganligi yuzasidan soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgan. Ular mazkur “savdodan” tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida soxta xarid cheklarini chiqargan.

Shuningdek, ushbu cheklarni Telegram orqali 1 812 nafar ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxsga 100-150 ming so‘mdan sotgan hamda 1 mlrd so‘m “Soliq Mobile” ilovasi orqali keshbek sifatida hisoblanib, shundan 640,8 mln so‘m to‘lab berilgan. Yakunda MCHJlarning mas’ullari byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari fosh etilgan.

Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida bir guruh shaxslar byudjet hisobidan 1,4 mlrd so‘m mablag‘larni soxta cheklar orqali keshbek sifatida talon-toroj qilganligi fosh etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing