Kelishuvga qaramay Rossiya yana Ukrainaga zarba berdi
Olam
−
31 yanvar 2195 2 daqiqa
Kecha, 30 yanvar kuni Rossiya harbiylari Ukrainaga dronlar va raketa yordamida navbatdagi keng ko‘lamli hujumni amalga oshirdi. Bu hujum Ukrainadagi shaharlarga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha bayonotlar fonida sodir bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari xabar berdi.
Ukraina Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, Rossiya armiyasi tunda Ukrainaga 111 ta uchuvchisiz uchish apparati va bitta “Iskander-M” ballistik raketasini uchirgan. Ukraina harbiylari raketa zarbasi hamda 25 ta hujumkor dronning 15 ta manzilda nishonga tekkanini qayd etgan. Havo hujumidan mudofaa kuchlari 80 ta rus dronini urib tushirgan yoki yo‘ldan qaytargan, biroq hujumlar kunduz kuni ham davom etgan.
Ukrainaning Favqulodda vaziyatlar xizmati Xarkov shahri yaqinidagi hududda raketa zarbasidan keyin yirik yong‘in chiqqani haqida xabar bergan. Fuqarolik korxonasiga tegishli ombor binosi nishonga olingan, yong‘in 5 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni qamrab olgan. Oqibatlarni bartaraf etish ishlariga sapyorlar va 80 dan ortiq qutqaruvchi jalb etilgan.
Rossiyaning navbatdagi hujumi Ukraina infratuzilmasiga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lganidan keyin bir sutkadan kam vaqt o‘tib sodir bo‘lgan.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Moskva sovuq ob-havo sababli bir hafta davomida Ukrainadagi shaharlarga zarba berishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini aytgan edi.
“Men shaxsan Putindan bir hafta davomida Kiyev va boshqa shaharlarga o‘q uzmaslikni so‘radim. U rozi bo‘ldi”, degan Tramp.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan energetika infratuzilmasiga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha kelishuv borligini tasdiqlab, Trampning vositachilik harakatlarini yuqori baholagan. Keyinchalik u Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot bo‘lmaganini va hech qanday hujjat imzolanmaganini aniqlashtirgan.
Zelenskiyning aytishicha, agar Rossiya Ukraina energetika ob’ektlariga zarba bermasa, Kiyev ham xuddi shunday javob qaytaradi.
Moskvada AQSH va Rossiya yetakchilari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lgani tasdiqlangan. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Vladimir Putindan 1 fevralgacha Kiyevga zarba bermaslikni shaxsan so‘ragan. Peskov bu iltimos muzokaralar o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida bildirilganini ta’kidlagan.
Uning aytishicha, Putin AQSH Prezidenti iltimosiga rozi bo‘lgan. Biroq Kreml vakili gap “energetik sulh” haqida ketyaptimi yoki umuman barcha zarbalarni to‘xtatish masalasimi, bunga aniqlik kiritmagan.
Live
Barchasi