Kelishuv buzildi: Eron AQSHning Bahrayn va Quvaytdagi ob’ektlariga zarbalar berdi
Olam
−
08 iyul 4456 2 daqiqa
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi bugun, 8 iyul kuni AQSHning Eronga bergan yangi zarbalaridan so‘ng Bahrayn va Quvaytdagi AQSH harbiy ob’ektlariga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi Bahrayndagi Bandar Salmon, AQSH Beshinchi dengiz floti joylashgan hudud hamda Quvaytdagi Ali Al-Salem havo bazasiga qo‘shma raketa va dron operatsiyasini amalga oshirganini, shuningdek, operatsiyaga aralashishga uringan AQSHning MQ-9 dronini urib tushirganini bildirgan.
Qayd etilishicha, Bahrayn va Quvaytda havo hujumi sirenalari yangragan. Quvayt armiyasi havo mudofaa tizimlari “dushman” raketa va dron hujumlariga qarshi harakat qilayotganini ma’lum qilgan. AQSH harbiylari hozircha hujumlar yuzasidan izoh bermagan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) operatsiya davomida Islom inqilobi muhofizlari korpusining 60 dan ortiq kichik kemasi nishonga olinganini ma’lum qilgan. Qo‘mondonlikka ko‘ra, operatsiya Eronning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzib, dengiz qatnoviga hujum qilgani uchun unga og‘ir bahoni yuklash maqsadida o‘tkazilgan.
“Eron kuchlarining asossiz tajovuzi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining ochiq va xavfli buzilishi bo‘lib, dengizda erkin qatnovga putur yetkazadi”, degan CENTCOM bayonotida.
Mark Ryutte Anqarada o‘tayotgan NATO sammiti arafasida jurnalistlarga AQSHning Eronga qarshi yangi hujumlari “mutlaqo zarur” bo‘lganini aytgan.
“Agar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mavjud bo‘lsa va Eron uni amalda buzgan bo‘lsa, AQSHning qat’iy javob qaytarishi juda muhim deb hisoblayman”, degan Ryutte.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibaf AQSHni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishda ayblagan. U so‘nggi harbiy hujumlar, neftga qarshi yangi sanksiyalar, Hormuz bo‘g‘ozidagi Eron “tartiblari”ning buzilishi hamda Isroilning Livanga hujumlarini misol qilgan.
“Bosim va tovlamachilik davri tugadi. Biz taslim bo‘lmaymiz”, deb yozgan Qolibof X ijtimoiy tarmog‘ida.
Donald Tramp bir necha bor Eron “kelishuvga erishmasa”, bombardimonlar qayta boshlanishi mumkinligini aytgan. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa vaqtinchalik memorandum shartlariga ko‘ra, “tahdidlar davom etar ekan, yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshlanmaydi”, degan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, AQSH Hormuz bo‘g‘ozidagi uchta tankerga qilingan hujumlarga javoban Eronga qarshi yangi harbiy zarbalar bergan va Eronga neft sotishga ruxsat beruvchi litsenziyani bekor qilgan edi.
Live
Barchasi