Kelishib olgan Putin va Erdo‘g‘an, Fransiya parlamentiga kirib borgan koronavirus – voqea-hodisalar dayjesti
Bu qiziq
−
06 mart 2020
5333Jahon yangiliklari
Rossiya. Prezidentlar Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an olti soat davom etgan muzokaralardan so‘ng, Suriyaning Idlib viloyatida janglarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib oldi. Shartnoma loyihasi ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari tomonidan e’lon qilindi. Idlib deeskalatsiya zonasida janglar 6 mart kuni yarim tunda tugashi kerak. Bundan tashqari, Moskva va Anqara M-4 avtomagistrali bo‘ylab, uning shimoliy va janubidan olti kilometr masofada xavfsizlik yo‘lagini tashkil qilmoqda va ushbu hududda 15 martda birgalikdagi patrullik boshlanadi.
Braziliya. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Venesuelaning Karakas, Syuadad Guayana va Santa-Elena de Uayrendagi 15 nafar diplomat va diplomatik vakilni chaqirib oladi. TIV to‘rt diplomatni va Braziliyaning Venesueladagi elchixonalari va konsulliklarini 11 xodimini "ishdan bo‘shatadi". Braziliya Prezidenti Jair Bolsanuruning ta’kidlashicha, ikki mamlakat diplomatik aloqalariga putur yetgan. Bu holatning aniq sababaiga esa to‘xtalib o‘tmagan.
Isroil. Mamlakat Mudofaa vaziri Naftali Bennett koronavirus tarqalishi xavfi tufayli Falastinning Baytlahmiga kirish va chiqishni taqiqladi. Kecha, 5 mart kuni kechqurun Isroilda infeksiyaga chalinganlar soni 17 nafarga yetdi. Shuningdek, hukumat Andorra, San-Marino, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Shveysariya, Avstriya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand, Singapur, Xitoy, Gonkong va Makao fuqarolarini mamlakat hududiga kirishini taqiqladi.
Armaniston. Kecha, 5 mart kuni Yerevan Bokuni Armanistonning Tavush viloyati chegara hududini bir necha kun davomida o‘qqa tutishda aybladi. Ozarboyjon Davlat chegara xizmati 5 mart kuni Armanistonning Tavush viloyati bilan chegaradosh Gazax viloyatining Gushchu Ayrim qishlog‘i yaqinidagi jangovar punktida o‘z harbiy xizmatchisining halok bo‘lganini xabar qilgan edi. Bokuning ta’kidlashicha, armanlar tomonidan otilgan snayper o‘qi qoibatida chegara qo‘riqchisi halok bo‘lgan.
Fransiya. Shifokorlar og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan Fransiya Milliy majlisi (parlamenti) deputatida koronavirus infeksiyasini tasdiqladi. Bemor hamkasblarining so‘zlariga ko‘ra, 68 yoshli Jan-Lyuk Reyser Myuluz shahri shifoxonalaridan biriga joylashtirilgan. U so‘nggi bor parlament yig‘ilishida 25 fevral kuni qatnashgan. Bundan tashqari, koronavirusga parlament oshxonasida ishlaydigan xodim ham yo‘liqqan. U ayni paytda uy sharoitida karantinda saqlanmoqda.
Turkiya. Mamlakat mudofaa vazirligi kecha, 5 mart kuni Suriyaning Idlib shahrida yana ikki turk askari halok bo‘lganini ma’lum qildi. "Bahor qalqoni” operatsiyasi vaqtida ikki nafar harbiy o‘rtog‘imiz halok bo‘ldi. Yana uch kishi yaralandi”, deyiladi vazirlik bayonotda.
Yangi Zelandiya. Mamlakatning Tauranga shahrida delfinlarni tomosha qilayotgan yo‘lovchilar va kema ekipaji a’zolari kit-akulani ko‘rib qoldi. Ushbu baliq dunyodagi eng yirik akula bo‘lib, uning uzunligi 18 metrgacha yetishi mumkin. Ular guvoh bo‘lgan kit-akulaning uzunligi 10 metr atrofida bo‘lgan. Baliq kema atrofini 30 daqiqacha aylangan. Ushbu turdagi akulalar yirtqich hisoblanmaydi, ular planktonlar bilan oziqlanadi.
O‘zbekiston yangiliklari
Vazirlar Mahkamasining “Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, bu ro‘yxatga Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi ham qo‘shildi.
Futbol xabarlari
Kecha, 5 mart kuni Angliya Kubogining 1/8 finalidan o‘rin olgan so‘nggi o‘yin yakunlandi. Unda “Manchester Yunayted” safarda “Derbi Kaunti” mehmoni bo‘ldi. Qiziqarli kechgan bahsda “qizil iblislar” 0:2 hisobida g‘alaba qozondi. Kiritilgan to‘plarga Shou va Igalo (2) mualliflik qildi. “MYU” chorakfinalda “Norvich” bilan mehmonda to‘qnash keladi.
Braziliya terma jamoasi tarkibida 2002 yil jahon chempioni bo‘lgan Ronaldino Paragvayga kirish uchun soxta pasport ishlatganlikda gumon qilindi va prokuraturada sakkiz soatlik ko‘rsatmadan so‘ng ozod qilindi. Futbolchining advokati Adolfo Marinaning so‘zlariga ko‘ra, uning mijozida harakatlanish cheklovlari yo‘q, ammo sobiq futbolchining o‘zi bu ishning barcha holatlarini aniqlashtirish uchun Paragvayda qolishga qaror qilgan.
LiveBarchasi