Kelajak g‘ami: Putin sobiq Prezidentlar daxlsizligi uchun muhim qonunni imzoladi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin sobiq davlat rahbarlarining daxlsizligi kafolatini kengaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Tegishli hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilingan.

Unda aytilishicha, sobiq Prezident hibsga olinmaydi, qamalmaydi, tintuv qilinmaydi, so‘roq yoki shaxsiy tekshiruvga tortilmaydi. Daxlsizlik maqomi uning uyi, xizmat joyi, shuningdek, transport vositasi, aloqa vositasi, hujjatlari, yozishma va yuklariga ham taalluqli.

Davlat Dumasi sobiq Prezidentni davlatga xiyonat qilishda yoki Oliy va Konstitutsiyaviy sud tomonidan tasdiqlangan boshqa og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblagan taqdirda Federatsiyalar Kengashi uni daxlsizlik huquqidan mahrum etishi mumkin. Bunda ham Dumaning ayblov qarori va Federatsiyalar Kengashining daxlsizlikni bekor qilish qarorini uchdan ikki qism ovoz beruvchi ma’qullashi kerak.

Qonunga ko‘ra, vakolatlari yangi qonun kuchga kirgunga qadar tugatilgan davlat rahbari istalgan vaqtda Federatsiya Kengashiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Agar Prezidentning vakolatlari hujjat imzolanganidan keyin tugagan bo‘lsa, u 3 oy ichida senator maqomini olishi mumkin.

Sobiq Prezident umrbod senator bo‘lmoqchiligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi lozim. Federatsiya Kengashida umrbod qolish huquqidan faqat bir marta foydalanish mumkin. Sobiq Prezident umrbod senator bo‘lish huquqidan voz kechishi ham mumkin.

Shuningdek, yangi hujjat Prezidentga 30 nafar senatorni tayinlash huquqini beradi, ulardan yetti nafari davlat va jamoat faoliyati sohasida ulkan yutuqlarga ega bo‘lsa, umrbod a’zolik olishlari mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin daxlsizlik

Baholaganlar

374

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing