Kelasi yil SHHT a’zolari yana ko‘payadi

Olam

image

Belarus va Mo‘g‘uliston kelasi yili Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) qo‘shiladi. Bu haqda bugun, 8 sentyabr kuni Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ruslan Seysembayev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining 40-yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Kelgusi yilda SHHTga a’zo bo‘lish tartib-taomillarini yakunlayotgan Belarus Respublikasidan tajribali mutaxassislar ishimizga qo‘shilishi kutilmoqda. Xuddi shunday ishlar Mo‘g‘ulistonda ham olib borilmoqda. Shu munosabat bilan uch yovuz kuchlar – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga turtki berish maqsadida kengashda ishtirok etish uchun SHHTdagi kuzatuvchilar vakillari taklif etildi”, deydi Seysembayev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, SHHT ishtirokchilari tarkibi doimiy ravishda kengayib bormoqda. 

“Bu tashkilotimizning xalqaro nufuzi muttasil oshib borayotganidan ishonchli dalolat beradi. Bugun Eron Islom Respublikasi vakili SHHT oilasining to‘laqonli a’zosi sifatida ilk bor mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashi ishida ishtirok etmoqda”, degan Seysembayev.

Bugun, 8 sentyabr kuni Qozog‘iston raisligida Ostona shahrida SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining 40-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Uchrashuvda SHHTga a’zo davlatlar xavfsizligiga tahdid solayotgan terroristik, separatistik va ekstremistik tashkilotlar va guruhlarning noqonuniy faoliyatiga birgalikda qarshi kurashishni muvofiqlashtirishga oid qator masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorlik masalalarini, shuningdek, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyati doirasidagi tadbirlarga tayyorgarlikning borishini ko‘rib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz,  joriy yilning 4 iyul kuni Hindiston raisligidagi Shanxay hamkorlik tashkilotining 23-sammitida Eron rasman tashkilotga a’zo bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

ShHT Belarus' Mo'g'uliston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing