Kelasi yil issiqlik va issiq suv tariflari ikki marta oshiriladi

Jamiyat

image

2025 yil issiqlik va issiq suv tariflari 2 marotaba oshiriladi. Bu haqda 2 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayev ma’lum qildi. 

Ilhom To‘rayevga ko‘ra, tarif narxlari joriy yil viloyatlarda bir marta, Toshkent shahrida esa ikki marta oshirilgan. Keyingi yildan esa tariflar viloyatlarda ham ikki marta oshiriladi. 

“To‘lov tizimlari bo‘yicha Koreya va qo‘shni davlatlar tajribasini o‘rganib chiqdik. Ko‘pchilikda uyda yashamasam, issiqlikka to‘laymanmi yoki to‘lamaymanmi degan savol tug‘iladi. Koreyada uyning minimal issiqligini saqlab turish uchun abonent to‘lovi olinadi. Biz tarif siyosatini to‘g‘ri yuritsak, shunda narxlarning oshishi yoki oshmasligi hal bo‘ladi”, deydi To‘rayev.

Bildirilishicha, to‘lovlarni davlat tomonidan qoplab berish uchun juda katta subsidiya mavjud. Subsidiyadan qutulish va tizimni yangilash uchun esa narxlar qayta ko‘rib chiqilishi lozim. To‘rayevga ko‘ra, 2025 yilda tariflar o‘n besh foizdan ikki marta oshirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minoti narxlari 1 gigakaloriyasi uchun 105 754 so‘mdan 121 617 so‘mgacha (15 foiz) oshirilgani xabar qilingan edi. “Veolia Energy Tashkent” tomonidan ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun quyidagi narx (tarif)lar tasdiqlangan:

  • tartibga solinadigan bazaviy narx (tarif) va byudjet tashkilotlari tarifi amaldagi darajasida (mos ravishda QQSsiz 664 465 so‘m/Gkal va 801 963 so‘m/Gkal);

  • aholi uchun 121 617 so‘m/Gkal (QQSsiz);

  • boshqa ulgurji tashkilotlarga 244 497 so‘m/Gkal (QQSsiz).


Maqola muallifi

Teglar

issiq suv issiqlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing