Kelasi hafta Yaponiyaning yangi bosh vaziri saylanadi

Olam

image
Yaponiyada ilk bor ayol kishi bosh vazir bo‘lishi mumkin north_east

Yaponiyada ilk bor ayol kishi bosh vazir bo‘lishi mumkin

Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yosimasa Xayasi parlament palatalari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘mitaga bergan ma’lumotiga ko‘ra, yangi bosh vazir nomzodi bo‘yicha ovoz berish 21 oktyabr kuni parlamentning quyi palatasida o‘tkaziladi. Bu haqda “The Mainichi” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) hozirda o‘zining yangi saylangan raisi Sanae Takaiti nomzodini bosh vazir lavozimiga ilgari surish arafasida yakuniy tayyorgarliklarni olib bormoqda. Shu bilan birga, muxolifat partiyalari ham yagona nomzod bo‘yicha kelishuvga erishish uchun faol muzokaralar olib bormoqda. Agar ular bunga muvaffaq bo‘lsa, 2012 yildan beri hokimiyatni qo‘lida ushlab turgan LDPdan hokimiyatni tortib olish imkoniga ega bo‘ladi.

So‘nggi yillardagi siyosiy beqarorlik LDP boshchiligidagi hukmron koalitsiyaning parchalanishidan so‘ng yanada kuchaydi. Koalitsiyadan “Komeyto” partiyasining chiqib ketishi muxolifatga hokimiyat tepasiga kelish imkonini berdi. LDP va “Komeyto” o‘rtasidagi asosiy kelishmovchilik o‘tgan yili yuzaga chiqqan moliyaviy mojarolar bilan bog‘liq edi. O‘sha paytda amaldagi bosh vazir Sigeru Isiba bosimi ostida LDPdan bir nechta ta’sirli siyosatchilar chiqib ketgan edi. Ammo Takaichi ularni qayta partiyaga olib kirish va yuqori lavozimlarga tayinlash niyatida ekanini bildirgan. Bu “Komeyto” rahbariyatiga yoqmagan va ular bunday qaror partiyaning obro‘siga putur yetkazishini aytishgan.

Bir qator saylovlardagi mag‘lubiyatlardan so‘ng LDP yetakchiligidagi blok parlamentning hech bir palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadi. “Komeyto” chiqib ketgach, LDP yanada zaiflashdi. Agar uchta yirik muxolifat partiyasi yagona nomzod bo‘yicha kelishuvga erishsa, ular bosh vazir saylovida LDPdan ko‘proq ovozga ega bo‘ladi. Bunday sharoitda LDP faqat yangi koalitsiya tuzishga muvaffaq bo‘lsa, Takaichini bosh vazir etib saylash imkoniga ega bo‘ladi. Ammo tahlilchilarning ta’kidlashicha, aholining ishonchini yo‘qotayotgan LDP bilan hamkorlik qilish kichik partiyalar va mustaqil deputatlar orasida katta qiziqish uyg‘otmayapti.

Agar u saylovda g‘alaba qozonsa, Sanae Takaichi Yaponiyaning tarixidagi birinchi ayol bosh vazir bo‘ladi. U o‘z navbatida, mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashni bosh ustuvor vazifa sifatida belgilashini va bosh vazirlikka erishish uchun bor kuchini sarflashini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Bosh vaziri va Liberal-demokratik partiya yetakchisi Sigeru Isiba iste’foga chiqishini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Sanae Takaiti Liberal-demokratik partiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing