Yaponiya Bosh vaziri iste’foga chiqyapti
Olam
−
07 Sentabr 2025 5031 2 daqiqa
Yaponiya Bosh vaziri va Liberal-demokratik partiya yetakchisi Sigeru Isiba iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda NHK xabar berdi.
Qayd etilishicha, Isiba matbuot anjumanida ham iste’fo qarorini tasdiqlab, partiya Bosh kotibiga yangi rahbar saylovini tashkil etishni topshirgan. Unga ko‘ra, jarayon bir oycha vaqt olishi mumkin va shu muddat davomida u vaqtincha bosh vazirlik lavozimida qoladi.
Bu qaror partiyaning iyul oyida parlament yuqori palatasidagi saylovlarda yomon natija ko‘rsatib, ko‘pchilik o‘rnini yo‘qotganidan so‘ng qabul qilindi.
Isiba 2 sentyabr kuni ham partiya a’zolaridan saylovlardagi mag‘lubiyat uchun uzr so‘ragan edi. Iyul oyida yuqori palata saylovlari natijasida hukmron koalitsiya – LDP va uning ittifoqchisi ko‘pchilik o‘rinni boy berdi. Bir necha oy avval esa ular quyi palatada ham ko‘pchilikni yo‘qotgan edi. Shundan so‘ng, 1955 yilda tashkil etilganidan beri deyarli uzluksiz hokimiyatni ushlab turgan LDP jiddiy siyosiy inqirozga yuz tutdi.
Isiba iste’fo qarorini e’lon qilgan kuni partiya bosh kotibi, uning yaqin hamkori Xirosi Moriyama ham lavozimidan ketishini bildirgan.
LDP 8 sentyabr kuni navbatdan tashqari rahbarlik uchun saylov o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Isiba 2024 yil oktyabrida Fumio Kisidaning o‘rniga Bosh vazir bo‘lgandi. Kisida korrupsiya mojarosi tufayli o‘z nomzodini qayta ilgari surmagan edi. Isiba inflyatsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaga aralashgan LDP’ni isloh qilishga va’da bergan. Biroq yuqori palatada ko‘pchilik o‘rinni boy bergach, uning iste’foga chiqishi masalasi keskinlashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning shaxsiy boyligi qariyb 33,8 mln iyena (218,2 ming dollar)ga tengligi haqida xabar berilgandi.