Yaponiyada ilk bor ayol kishi bosh vazir bo‘lishi mumkin
Olam
−
04 Oktabr 2025 2543 4 daqiqa
Yaponiyaning sobiq ichki ishlar vaziri Sanae Takaiti hukmron Liberal-demokratik partiya rahbarligiga saylovda g‘alaba qozondi. Bu haqda “Kyodo News” xabar berdi.
Saylovda jami besh nomzod ishtirok etdi: Takaiti, Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yosimasa Xayasi, Qishloq, o‘rmon va baliqchilik vaziri Sindziro Koidzumi, sobiq iqtisodiy xavfsizlik vaziri Takayuki Kobayasi va sobiq tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, yangi LDP rahbarining vakolati 2027 yilgacha davom etadi. Nashrning yozishicha, Takaiti oktyabr oyidayoq lavozimga kirishishi va Yaponiyaning birinchi ayol bosh vaziri bo‘lishi mumkin.
LDP raisligi saylovlarida g‘alaba qozonish avtomatik ravishda bosh vazir lavozimiga tayinlanishni kafolatlamaydi, chunki partiya parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotdi. Biroq, Komeyto partiyasi bilan koalitsiyada LDPdagi eng nufuzli siyosiy kuch bo‘lib qolmoqda, muxolifat esa unchalik birlik ko‘rsatmayapti.
64 yoshli Sanae Takaiti o‘zining qat’iy xavfsizlik nuqtai nazari bilan tanilgan va 1947 yildagi Yaponiya konstitutsiyasining militarizmni rad etishni ta’minlovchi 9-moddasini qayta ko‘rib chiqish tarafdori.
Takaiti o‘ta o‘ng va millatchi qarashlar tarafdori sanaladi. U Nippon Kaygi, yirik konservativ lobbi tashkilotining a’zosi, shuningdek, sinto ziyoratgohlarini tiklash va axloqiy tarbiya bo‘yicha Diyet konferensiyasi raisining o‘rinbosari.
Siyosatchi yapon militarizmi ramzi hisoblangan Yasukuni ziyoratgohiga bir necha bor tashrif buyurgan. Nashrga ko‘ra, yuqori martabali amaldorlarning u yerga tashrifi an’anaga ko‘ra Xitoy, Janubiy Koreya va Shimoliy Koreyada keskin reaksiyalar uyg‘otadi va bu yerda yapon istilosi qurbonlari xotirasini haqorat qilish sifatida baholanadi.
Bundan tashqari, Takaiti Xitoyning iqtisodiy siyosatini tanqid qilgan va Yaponiyaning Xitoy iqtisodiyotiga qaramligini kamaytirish tarafdori sanaladi.
U Kobe universiteti va Matsusita davlat boshqaruvi institutini tamomlagan. 1987 yilda u grant yutib olgan va AQSHga ko‘chib o‘tgan. Takaiti u yerda kongressmen Patritsiya Shryoderning ofisida ishlagan. 1989 yilda u Yaponiyaga qaytib bordi va birinchi marta 1993 yilda Yapon Diyetining quyi palatasiga saylandi.
Takaiti birinchi vazirlik lavozimini 2006 yilda egallagan. O‘sha paytdagi Bosh vazir Sindzo Abe uni bir necha lavozimlarga tayinlagan: Fan va texnologiya siyosati vaziri, Innovatsiyalar vaziri, Yoshlar va gender tengligi vaziri, Oziq-ovqat xavfsizligi vaziri, Okinava va Shimoliy hududlar ishlari bo‘yicha vazir (Yaponiya hukumati Janubiy Kuril orollarini nazarda tutadi). Biroq atigi bir yil o‘tgach, Abe iste’foga chiqdi va hukumatni tarqatib yubordi hamda ikki yil o‘tgach, LDP parlament saylovlarida mag‘lub bo‘ldi va muxolifatga o‘tdi.
2012 yilga kelib, Abe o‘z partiyasini navbatdagi saylovlarda g‘alabaga erishdi va bosh vazir kreslosiga qaytdi. Takaiti ham u bilan birga hokimiyatning eng yuqori pog‘onasiga qaytdi: avvaliga partiya siyosatini o‘rganish kengashi rahbari, keyin esa ichki ishlar vaziri. 2021 yilda u LDP raisligi uchun kurashdi, ammo Fumio Kisidaga yutqazdi. Takaiti o‘z kabinetida iqtisodiy xavfsizlik, “Salqin Yaponiya” madaniy strategiyasi, intellektual mulk, fan, texnologiya va kosmik siyosat kabi bir nechta vazirlik portfelini egallagan.
Takaiti o‘zining ancha konservativ va shafqatsiz qarashlari bilan tanilgan va shu nuqtai nazardan, marhum bosh vazir Sindzo Abening vorisi hisoblanadi. Uning namunalaridan yana biri – Britaniyaning “Temir xonimi” marhum Margaret Tetcher. Takaiti patsifist konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqish va armiyani kuchaytirish tarafdori. U ijtimoiy siyosatda konservativ pozitsiyani egallaydi: u ikki familiyaga, bir jinsli nikohga va ayollarning imperator taxtini meros qilib olish huquqiga qarshi. Iqtisodiyotda Takaiti soliqlarni kamaytirish, fuqarolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash, qishloq joylariga subsidiyalar va energiya hamda yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga katta hajmdagi sarmoyalarni ajratmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Bosh vaziri va Liberal-demokratik partiya yetakchisi Sigeru Isiba iste’foga chiqishini e’lon qilgandi. Isiba matbuot anjumanida ham iste’fo qarorini tasdiqlab, partiya Bosh kotibiga yangi rahbar saylovini tashkil etishni topshirgandi. Isiba 2024 yilning oktyabrida Fumio Kisidaning o‘rniga Bosh vazir bo‘lgandi. Kisida korrupsiya mojarosi tufayli o‘z nomzodini qayta ilgari surmagan edi. Isiba inflyatsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaga aralashgan LDPʼni isloh qilishga va’da bergan. Biroq yuqori palatada ko‘pchilik o‘rinni boy bergach, uning iste’foga chiqishi masalasi keskinlashdi.
Live
Barchasi