Kelasi hafta O‘zbekiston va Ozarbayjon hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi o‘tkaziladi
Jamiyat
−
10 mart 2020
3666Joriy yilning 16-17 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Huddi shunday tadbir mart oyining uchinchi o‘n kunligida esa Rossiya Federatsiyasi bilan o‘tkaziladi.
2019 yil yakunlariga ko‘ra Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 17 foizga ortib, 6,6 milliard dollarni tashkil etdi, Ozarbayjon bilan ikki tomonlama savdo hajmi esa 55,7 foizga oshdi.
O‘tgan yili O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokida 484 ta yangi korxona tashkil etildi, shunda ularning soni umumiy hisobda 1828 taga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan 178 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston-Rossiya hamkorligida 3,5 mingta ish o‘rni yaratish imkonini beradigan qiymati 7,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda.
Ozarbayjonlik hamkorlar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish doirasida umumiy qiymati 355 million dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15-16 aprel kunlari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelyapti.