Kechki ta’lim talabalari qachon an’anaviy ta’limga qaytishi mumkinligi aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich 16 noyabrdan an’anaviy ta’lim shaklida davom ettirishga qaror qilingani haqida xabar bergan edik.

Ammo barcha talabalar ham an’anaviy ta’limga qaytayotgani yo‘q. Masalan, bakalavriatning 2, 3- kurs talabalari va kechki ta’limda o‘quvchi talabalar ham onlayn o‘qishni davom ettiradigan bo‘ldi.

Bugun, 14 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida shu masalaga bag‘ishlangab o‘tkazilgan matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ muxbiri mutasaddilarga quyidagi savol bilan yuzlandi:

“Bundan ikki oy oldin karantin tugagan taqdirda ham kechki ta’limda yarim an’anaviy, yarim masofaviy o‘qish tartibi joriy etiladi, deb xabar berilgan edi. Bu qay tartibda amalga oshiriladi?”

Ushbu savolga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov javob berib, kechki ta’lim qay sharoitda an’anaviy ta’limga qaytishi mumkinligini aytib o‘tdi.

“Ha, to‘g‘ri bu xabar ancha oldin aytilgandi. Ya’ni, kechki ta’limda kunlik 3 para, 4 para darslarni 2 paragacha qisqartirish, ma’lum bir qismini onlaynga o‘tkazish masalasi ko‘tarilgan edi. Chunki kechki ta’lim, asosan 18:00 da, ya’ni ish vaqti tugagandan keyin boshlanadi. Bugungi kunda sirtqi va kechki ta’lim onlayn tarzda amalga oshiriladi. Agarda Oliy ta’lim muassasasining imkoniyati mavjud bo‘lsa, ya’ni kunduzi o‘qiydigan talabalar darslari juda kechikib ketmasdan kechki ta’lim uchun vaqt yetarli bo‘lsa, ushbu smena talabalari ham an’anaviy ta’limga jalb qilinadi”, dedi Xoliqov.

Eslatib o‘tamiz, 16 noyabrdan OTMlarning bakalavriatida tahsil oluvchi 1 va 4-kurs talabalari hamda magistratura bosqichi talabalari an’anaviy ta’limga qaytyapti.


Maqola muallifi

Teglar

OTM

Baholaganlar

425

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing