“Ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi”. To‘qayev Nazarboyev haqida gapirdi
Olam
−
03 yanvar 2024 21576 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ayrim shaxslarning mamlakatda qo‘sh hokimiyat modelini joriy etishga urinishlari haqida o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda u “Egemen Qazaqstan” gazetasiga bergan intervyusida gapirib o‘tdi.
“Haqiqatan ham ikki tomonlama hokimiyat modelini joriy etishga urinishlar bo‘lgan. “Hokimiyat tranziti”ning hozirgi siyosiy vaziyatida siyosiy manipulyatorlar o‘ziga xos parallel kuch markazini shakllantirdilar. Mamlakatimizda Prezident va Oliy Bosh qo‘mondon, shuningdek, sobiq prezident vakili bo‘lgan Xavfsizlik Kengashining raisi bor edi. Bu oxir-oqibat hokimiyat to‘qnashuviga aylanib ketishi mumkin edi. Yana bir narsani aytaman: bu holat yanvar inqirozining zaruriy shartlaridan biriga aylandi”, deydi To‘qayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, fitnachilar o‘z manfaati uchun qo‘sh hokimiyat yoki “tandem” ning ixtiro qilingan modelidan foydalanishga harakat qilgan.
“Bir qator amaldorlar, jumladan, sobiq adliya vazirining Elboshining maqomi Prezidentdan ham yuqori ekani haqidagi bayonotlari esingizda bo‘lsa kerak. Ayrim amaldorlar bu borada juda puxta o‘yin qildi. Keyinroq men Nursulton Abishevich Nazarboyevga siyosiy o‘yinlar ortidan, birinchi navbatda uning eng yaqin safdoshlari mamlakatni deyarli parchalab tashlayotgani haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytdim. Men ”katta va kichik prezidentlar“ umuman bo‘lmasligi kerak deb hisoblayman. ”Ketdingmi, ketding”. Bu kabi ishlar doimo davlat manfaatlarini, jamiyat farovonligini o‘ylashi lozim bo‘lgan kelajak avlod rahbarlari uchun jiddiy saboq bo‘lishi kerak. Afsuski, ichki siyosiy inqirozning hal qiluvchi pallasida asosiy huquq-tartibot idoralari rahbarlari o‘zlarining kasbiy mahorati yo‘qligi va hatto xiyonatga moyilligini ko‘rsatdi”, deydi Prezident.
Uning ta’kidlashicha, “Qantar” (2022 yil yanvar noroziliklari) asosiy qonunga muvofiq ishlaydigan davlat institutlarining barqaror va samarali tizimini yaratish zarurligini ko‘rsatdi.
“Biz xalq sifatida bu inqirozni yengib chiqdik, omon qoldik va yanada kuchliroq bo‘ldik. Biz fuqarolarimizning hamjihatligi, butun hokimiyat vertikalining qat’iy harakatlari tufayli bundan ham kattaroq falokatning oldini oldik, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirdik. O‘shanda tergov davomida ba’zi fitnachilar xalqning bunday darajada birlashishini va hokimiyatning siyosiy irodasini kutmaganliklarini tan olishgan”, deya qo‘shimcha qilgan Qosim-Jomart To‘qayev.
83 yoshli Nazarboyev 30 yil davomida respublika rahbari bo‘lib ishlagan. 2019 yilda u iste’foga chiqishini e’lon qilib, respublikadagi o‘zgarishlarni davom ettiradigan yangi avlod rahbarlarining hokimiyatga kelishi zarurligini ta’kidlagan. Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbarining vakolatlari keyinchalik Senat (parlament yuqori palatasi) raisi sifatida To‘qayevga yuklatildi. 2019 yil iyun oyida To‘qayev prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. 2022 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda u qaytadan Qozog‘iston Prezidenti etib saylandi.
Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari (yanvar voqealari yoki qonli yanvar) 2022 yil 2 yanvarda suyultirilgan gaz narxi keskin oshganidan keyin boshlandi. 19 yanvargacha butun respublika bo‘ylab favqulodda holat joriy etildi va hukumat iste’foga chiqarildi. Shundan so‘ng, terrorizmga qarshi operatsiya o‘tkazildi. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida 230 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlaridir.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr