Katta pul evaziga sud hukmini o‘zgartirib bermoqchi bo‘lgan advokatlar qamaldi
3-sahifa
−
10 Sentabr
4696Toshkent shahrida katta pul evaziga sud hukmiga ta’sir o‘tkazib, jazoni yengillashtirish, yana bir holatda esa ayblanuvchini oqlovchi hukm chiqarib berishni va’da qilgan 2 nafar advokat va 1 nafar yurist ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati M.M. Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi chiqarib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan.
Advokat so‘ralgan pul mablag‘idan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yana bir holatda esa Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati Sh.U. va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat yuristi T.N. o‘zaro kelishgan holda, 2021 yilda Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali boshqa yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSH dollari talab qiladi.
Ular joriy yilning mart oyida so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Sh.U. va T.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan va Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan Sh.U. va T.N.larning har biriga nisbatan 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 136 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Aniqlanishicha, advokat Sh.U. muqaddam sud tizimida sudya lavozimida ishlagan. MCHJ yuristi T.N. esa 2009 yilda Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan, 2016 yilda esa 122-moddasi bilan sudlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida advokatlar 50 ming dollar olayotganda qo‘lga tushgan edi.
LiveBarchasi