Katta daryo hayqirmas, aqlli kishi baqirmas! Ortiqo‘jayev nega baqirdi?
Jamiyat
−
22 avgust 2019
16777Avvalroq, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shikoyat bilan kelgan fuqarolarga baqirib, jazavaga tushgani yozilgan audio tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Arizachilar Ortiqxo‘jayevdan avvalgi shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning Mirobod tumanida ikki ko‘p qavatli uy orasidagi yerni tadbirkorga berish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni so‘ragan. Audioda hokim 15 nafar mirobodlik shikoyatchiga qarata: “qayerga borsang shu yerga bor, xohlasang Prezidentga, xohlamasang, xudoga bor”, degan.
Mazkur audioyozuvlar tarqalgach, Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rasmiy bayonot bilan chiqdi va hokim ishtirokidagi tadbirning janjal boshlanguncha bo‘lgan qismining videosini e’lon qildi.
Videoda Jahongir Ortiqxo‘jayev shikoyatchi fuqarolarga sudga murojaat qilishni maslahat berayotgani, negaki hokimda qarorni bekor qilish vakolati yo‘qligini tushuntirishga urinayotganini ko‘rish mumkin.
“Aniq fakt va dalillarga tayanmagan, ma’lumotni kontekstdan yulgan holda to‘liq bermaydigan, yolg‘on axborot tarqatuvchi OAV aholining biror muammosini qanchalik hal qila oladi?
Ba’zi xorijiy OAVlarining asl maqsadi xaqida o‘ylab ko‘raylik: maqsad – dunyoda O‘zbekistondagi islohotlar va ularning samaralarini ko‘rsatishmi yoki mamlakatimizning imiji, nufuzini tushurishmi?
Nahot jamoatchilik xorijning OAVlari davlatimiz siyosati, Hukumatimiz va hokimliklar tomonidan olib borilayotgan ishlarni noxolis yoritayotganini hamon sezmagan?
Aholining muammo va murojaatlarini o‘rganish, hal qilish maqsadida mamlakatimiz miqiyosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalari tashkil etilgan, Bosh vazir, viloyat, shahar va tuman hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, zaruratga ko‘ra, shahar hokimi aholi bilan rejadan tashqari ham uchrashuvlar o‘tkazadi.
Shunday uchrashuvlardan biri Mirobod tuman … aholisi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan. Bu uchrashuv qanday boshlangan, unda nimalar haqida so‘z yuritilgan va muloqotning qaysi qismi e’lon qilingan?”, deyiladi hokimlik xabarida.
Poytaxt ma’muriyati taqdim etgan videodan ko‘rish mumkinki, Jahongir Ortiqxo‘jayev suhbatni og‘ir-bosiqlik bilan boshlagan. Ammo yig‘ilish davomida vaziyat o‘zgarib, hokim baqirib, qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
LiveBarchasi