“Kotlovan”ga pul to‘lab chuv tushayotganlarni davlat ko‘rmayaptimi?
Jamiyat
−
24 iyul 2023
8139Uy sotib olmoqchisiz. Arzonroqqa tushay deb qurilishi tugamagan, tugash tugul hali boshlanmagan, shunchaki chuquri (katlavan) qazib qo‘yilgan bino uchun to‘lov qildingiz. Uy yo belgilangan muddatda bitmaydi, yoki bitsa ham kadastr hujjatlari sizga berilmaydi. Ana shunda chuv tushganingizni anglab yetasiz.
QALAMPIR.UZ saytiga aynan shunday muammolar bilan ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Ayrim murojaatchilarning o‘zlari pul to‘lagan, yashab turgan uylari bankka garovga qo‘yilgan, ayrimlarining uyi esa allaqachon tortib olingan. Buning oqibatida esa yuzlab odamlar ko‘chada qolmoqda.
Kecha, 21 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Kadastr agentligi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tahririyat muxbiri mazkur muammoni o‘rtaga tashladi.
“Bu hozirgi kunda juda ham aktual bo‘lgan muammo. Biz bunday murojaatlarga har kuni to‘qnash kelyapmiz. Ko‘p qavatli uylarning qurilish tartibida birinchi navbatda quruvchi kompaniyaga yer ajratiladi. Mana shu ajratilgan quruq yer davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Shundan keyin quruvchi kompani ko‘p qavatli uy qurish uchun mas’ul ispeksiya nazorati tashkilotidan tegishli tartibda xulosa oladi. Mana shu xulosani olgandan keyin to ko‘p qavatli uyni qurib, uni bitqizguncha Kadastr agentligiga ishi tushmaydi”, dedi muammoning kelib chiqishi sabablariga to‘xtalib, agentlik raisi o‘rinbosari Mirsaid Mirmahmudov.
Uning aytishicha, binoning qazib qo‘yilgan chuquri uchun pul to‘lagan fuqaro va quruvchi kompaniya o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi emas, ulushdorlik asosidagi investitsiya shartnomasi tuziladi. Chunki amalda yo‘q binoni, kvartirani sotib olishning imkoni yo‘q. Fuqaro bu vaziyatda qurilayotgan bino uchun investorlik qilayotgan bo‘ladi. Ammo shartnoma shartlarini o‘qib ko‘rmagan va mazmuni bilan tanish bo‘lmagan fuqarolar buni oldi-sotdi shartnomasi deb o‘ylab, imzo chekib yuboraveradi. Shu bilan muammolar boshlanadi.
“Aslida quruvchi kompaniya pul mablag‘ini jalb etib buning evaziga uy bitib, foydalanishga qabul qilinganidan keyin kadastr hujjatlari qilib berilgandan keyin investitsiya kiritgan shaxsga o‘sha ko‘p qavatli uydan belgilangan kvartirani investitsiya kiritgan fuqaroga o‘tkazib berish sharti bilan shartnoma tuzishi kerak. Bunda qurilish kompaniyasining reputatsiyasiga e’tibor berish lozim. Chunki bu bizning vakolatimizga kirmaydi. Qurilish bitganidan keyin, foydalanishga topshirilgandan, ruxsatnoma beriladi. Shundan so‘ng quruvchi kompaniya investitsiya kiritgan, ya’ni ulushdor bo‘lgan shaxsga tegishli tartibda, aytaylik, notarius orqali ko‘chmas mulkni uning nomiga o‘tkazib beradi. Ana shu ko‘chmas mulkni o‘z nomiga o‘tkazgan fuqaro kadastrga kelib, uyni o‘z nomiga qayta ro‘yxatdan o‘tkazib oladi. Biz kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun jarayonga aralasha olamiz. Bunda har bir kvartira uchun alohida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ham bizning ishimiz. Ammo qurilishi yakunlanmagan, foydalanishga topshirilmagan yoki tegishli tashkilotlardan foydalanishga topshirish bo‘yicha ruxsat olinmagan ko‘p qavatli uylarga kadastr bera olmaymiz”, dedi Mirmahmudov.
Xo‘sh, bundan xulosa qanday? Odamlar “katlavan” uchun pul to‘lab, uy sotib olmasligi kerakmi?
“Hozir hammaga qiyin, ko‘chmas mulklarning narxlari oshib boryapti. Ha, bu qiyin va qimmat jarayon. Lekin bu usulda uy sotib olganda odamlar yillar davomida to‘plagan mablag‘ini boy berib qo‘yishi mumkin. Har xil fors-major holatlar bo‘ladi. Hech kim hammasi yaxshi bo‘lishini kafolatlamagan. Agar fuqaro ulushdorlik shartnomasini tuzishga majbur bo‘lsa, yagona yo‘li quruvchi korxonaning obro‘siga e’tibor qaratishi kerak. Chunki qonun taqiqlamagan bir holat borki, quruvchi korxona o‘zi qurayotgan, hali qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli binoni xohlagan paytida davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, garovga qo‘yib boshqa amallarni bajarishi ham mumkin”, deb ogohlantirdi agentlik mas’uli.
Toshkent shahrida allaqachon dolzarb muammoga aylanib ulgurgan bu holatga kimdir, qachondir e’tibor qaratadimi? Agentlik shu paytgacha nega fuqarolarni ogohlantirmay, endi jurnalistlar so‘rovidan keyin tilga kirdi?
“Bu bo‘yicha tegishli, vakolatli organlar tomonidan qo‘shimcha tartiblar ishlab chirilyapti. Mana shu tartib ishga tushganidan so‘ng ulushdorlik asosida uy olayotganlarning haq-huquqlarini himoya qilinadi”, dedi Kadastr agentligi raisi o‘rinbosari Mirsaid Mirmahmudov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ayni muammoga misol tariqasida "Poytaxtda tartib qolmadi yoxud quruvchilarni tiyadigan odam yo‘qmi?" nomli reportaj tayyorlagan edi. Unda Toshkent shahrining Mirobod tumani Kichik-Mirobod ko‘chasi 74/76 uyda qurilgan “Diplomat” nomli turar-joy majmuasi bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilgan. Odamlardan oldindan pul olingan, uy qurilib, chala ta’mirlangan uyga odamlar ko‘chib ham kirgan, lekin mulkka egalik huquqi, kadastr hujjatlari uy egalariga berilmagan.
LiveBarchasi