Toshkentda bo‘sh yer qoldimi? Kadastr agentligi javob berdi
Jamiyat
−
22 iyul 2023
9619Maydoni 432 000 gektarni tashkil qiluvchi Toshkent shahrida atigi 1-1,5 sotix bo‘sh yer qolgan. Bu haqda kecha, 21 iyul kuni Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kadastr agentligi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Agentlik raisi o‘rinbosari Mirsaid Mirmahmudovning aytishicha, butun respublikadagi kabi, Toshkentda ham bo‘sh yerlar bor. Faqat ko‘p emas.
“Toshkent shahrining asosiy hududida bo‘sh yer ko‘p emas. Siz aytayotgandek kattalikdagi, hatto 10 sotix yer chiqishi qiyin. Lekin 1-1,5 sotix yerlar chiqsa kerak”, dedi u.
Shuningdek, kadastr agentligi mas’uli Toshkent shahriga joriy yil 23 ming gektar yer qo‘shilganini aytib, qo‘shilshgan yerlar hisobiga bo‘sh yerlar ko‘payganiga ishora qildi. Ammo tez orada ular ham “to‘ldiriladi”.
“Bular hozircha toifasi jihatidan qishloq xo‘jaligi yeri hisoblanadi va endilikda belgilangan tartibda sanoat yoki aholi punktlari toifasiga o‘tkaziladi. Mana shunday sekin-asta bo‘sh yerlar bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Mirmahmudov.