“Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, shifokorga murojaat qiling” – SSV rasmiy ogohlantirish berdi
Salomatlik
−
13 mart 2020
16599O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga koronavirusni yuqtirib olishdan saqlanish uchun bir qator tavsiyalar bilan chiqdi. SSVning qayd etishicha, aholi sarosimaga tushmagan holda, koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:
• qo‘llaringizni sovun bilan yaxshilab tez-tez yuving;
• yuz va ko‘zingizni qo‘l bilan ishqalamang;
• imkon qadar odam ko‘p yig‘iladigan jamoat joylariga borishdan tiyiling.
• hayvonlarga qo‘l tekkizishdan saqlaning.
• ko‘pchilik foydalanadigan predmetlarni ushlaganingizda qo‘lingizni antiseptik vositalar orqali dezinfeksiya qiling;
• yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz bilan burunni bukilgan tirsak, yeng yoki salfetka bilan yoping. So‘ngra foydalanilgan salfetkani axlat qutisiga tashlang va qo‘lingizni yuving;
• shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan muloqotda bo‘lishdan tiyiling;
• kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol shifokorga murojaat qiling;
• xonalarni muntazam shamollatib turing.
SSVning qayd etishicha, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning kirib kelishi va oldini olish borasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalari asosida qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi kabi qator vazirlik va idoralar bilan birgalikda bu borada zarur tavsiyalar ishlab chiqib, hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Dunyo miqyosida koronavirusga chalinganlar 139 481 kishini tashkil etmoqda. Vafot etganlar esa 5120 nafarga yetdi. 70 733 kishi ushbu darddan forig‘ bo‘lgan.
LiveBarchasi