Qudratilla Rafiqov ishsiz qolayotgan tibbiyot xodimlari masalasida Aripovga murojaat qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov Bosh vazir Abdulla Aripov nomiga ikki tashkilot tugatilishi munosabati bilan ishsiz qolayotgan xodimlar masalasida rasmiy xat yo‘lladi.

Gap shundaki, O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 25 iyul kuni qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasini tugatish belgilangan.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasining ma’lum qilishicha, tugatilayotgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi xodimlaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushyapti.

Federatsiya farmonga muvofiq Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari – tegishincha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, shuningdek ularning hududiy bo‘linmalari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanishini eslatgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 50-moddasida yuridik shaxslar qo‘shib yuborilganda uning huquq va burchlari yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxssha o‘tishi, 53-moddasida esa yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tmasdan bekor qilinishiga olib kelishi belgilab qo‘yilganligi bois kasaba uyushmalari ham amalda agentlik va inspeksiya tugatilmayotganligi, aksincha, qo‘shib yuborilib, ular negizida yangi Sanitariya-epidemiologiya xizmati qayta tashkil etilmoqda deb hisoblaydi”, deyiladi Bosh vazirga yo‘llangan xatda.

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi Federatsiyaning tegishli so‘rov xatiga ham yuqoridagidek asos keltirgan.

Xatda Mehnat kodeksining tegishli moddalariga asosan yuridik shaxs qo‘shib yuborilgan yoki qayta tashkil etilganida yangi shtatlar jadvaliga kiritilmagan lavozimda ishlovchi xodimlarning ish o‘rni qisqartirilishi, boshqa xodimlar o‘z ish faoliyatini davom ettirishi ko‘zda tutilgani eslatib o‘tilgan. 

Shuningdek, bunda homilador, yosh bolali hamda oilaning yakka yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan shaxslarga nisbatan ishda qolish imtiyozlari beriladi. Yuridik shaxs tugatilganda esa muassasadagi barcha xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinadi.

“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar “yuridik shaxsning tugatilishi” sifatida talqin qilinayotganligi mehnat bozorida raqobatlasha olmaydigan soha xodimlari bilan bir qatorda boshqa ko‘plab xodimlarning ish o‘rinlarini yo‘qotishiga va xodimlar o‘rtasida norozilik kayfiyati paydo bo‘lishiga olib keladi.

Shu munosabat bilan Sizdan (Abdulla Aripov – tahr.) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 iyuldagi PF-6035-sonli Farmoni ijrosini ta’minash borasidagi Sanitariya-epidemiologiya xizmatidagi takomillashtirish ishlarini tashkil qilishda Agentlik va Inspeksiyani tugatish sifatida emas, balki qo‘shib yuborish sifatida talqin qilinishi uchun amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz”, deya yakunlangan rasmiy xat.

Agar Federatsiya o‘z maqsadiga erishib, tibbiyot sohasi xodimlarining ishda qolishini ta’minlay olsa, bu tashkilotning o‘zi uchun ham ulkan g‘alaba bo‘lardi. Negaki, ko‘p yillar davomida Kasaba uyushmalarining faoliyatini mehnatkashlar deyarli sezmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov Kasaba uyushmalari Federatsiyasi

Baholaganlar

185

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing