Abdulla Aripov rasman uchinchi bor O‘zbekiston Bosh vaziri bo‘ldi
Jamiyat
−
20 noyabr
3748O‘zbekiston Bosh vaziri lavozimida 2016 yildan beri ishlab kelayotgan Abdulla Nigmatovich Aripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan shu lavozimga uchinchi marta tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024 yil 20 noyabrdagi qarori bilan Bosh vazir lavozimiga A.N. Aripov ma’qullangan.
"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq, Abdulla Nigmatovich Aripov O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tayinlansin", deyiladi Prezident farmonida.
U 2016 yil 13 dekabrda O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi tomonidan Bosh vazirlik lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan. 14 dekabrda esa ushbu lavozimga tasdiqlangan. 2020 yil yanvar oyida esa u Bosh vazir lavozimiga qaytadan tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Abdulla Aripov 1961 yil 24 may kuni Toshkentda tavallud topgan. 1983 yil Toshkent elektrotexnika aloqa institutini (hozirgi Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) muhandis-telekommunikatsiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi, dotsent. U o‘zining ilk mehnat faoliyatini 1983-1992 yillarda Toshkent telefon-telegraf stansiyasida elektronika muhandisligidan boshlagan.
-
1992-1993 yillarda Aloqa vazirligida bosh mutaxassis, “O‘zimpeksaloqa” tashqi savdo kompaniyasi direktori o‘rinbosari, Aloqa vazirligi qurilish-ta’minot boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
-
2002 yilda esa Aripov O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – Aloqa va axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari kompleksi rahbari etib tayinlangan. Shu bilan birga, 2005-2009 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga rahbarlik qilgan.
-
2012 yilda yana Bosh vazir o‘rinbosari, Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar majmuasiga rahbarlik qilgan.
-
U 2021 yilda Shavkat Mirziyoyev o‘z farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, shuningdek, “Mehnat shuhrati”, Qozog‘istonning II darajali “Do‘stlik”, Tojikistonning II darajali "Ismoil Somoniy" ordeni bilan mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 noyabr kuni O‘zbekiston hukumati iste’foga chiqqandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi belgilangan.
LiveBarchasi