Karimov qurilishiga qarshi bo‘lgan GESning yarmidan ko‘pi qurib bitkazildi

Olam

image

Bir paytlar qurilishiga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qarshi chiqqan Rog‘un GESi qurilishi 50 foizdan ortiq bajarildi. Bu haqda Tojikiston Prezident Imomali Rahmon joriy yilning 28 dekabr kuni parlamentga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

So‘nggi ikki yilda ushbu strategik muhim loyihani amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 9 milliard somoniy (825 million dollar)dan ortiq mablag‘ ajratilgan. Prezident xalqaro moliya tashkilotlari va rivojlanish bo‘yicha boshqa hamkorlarga Rog‘un GESi qurilishini yakunlashda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan. Uning ta’kidlashicha, ushbu muhim ob’ekt qurilishini yakunlash uchun oltita donor bilan umumiy qiymati 10 milliard somoniy (915 million dollarga yaqin) bo‘lgan to‘qqizta shartnoma tuzilgan bo‘lib, shundan 3 milliarddan ortig‘i (275 million dollar) yordam ko‘rsatish shaklida taqdim etilgan.

Imomali Rahmon bu qo‘llab-quvvatlash va e’tiborni “Tojikiston xalqi uchun juda muhim” deb atagan. Qurilishning keyingi bosqichini moliyalashtirish 2025 yilga mo‘ljallangan. Aynan Rog‘un GESi qurilishining tugallanishi Tojikistonning 2027 yilgacha energetika mustaqilligini ta’minlaydi.

“Ehtimol, bu sizlar shunday qiyin vaziyatni boshdan kechirayotgan oxirgi qishdir. Kelgusi qishda bu qiyinchiliklar kamayadi va 2027 yilda bu holat tarixda qoladi”, degan Imomali Rahmon.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar Rog‘un GES qurilishini moliyalashtirish faqat davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan. Tojikiston hukumati Rog‘un GESi loyihasini amalga oshirish uchun 5 milliard somoniy (taxminan 460 million dollar) ajratishni kutmoqda. Joriy yilning 9 oyida GES qurilishiga 4,3 milliard somoniy (395 million dollarga yaqin) mablag‘ ajratilgan. Mazkur inshoot qurilishiga jami 40 milliard somoniydan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Hozirda kam quvvatda ishlayotgan stansiyaning dastlabki ikki bloki 2018 va 2019 yillarda foydalanishga topshirilgan. Umuman olganda, stansiyaning turbinali xonasiga har biri 600 MVt quvvatga ega 6 ta blok o‘rnatiladi. Oxirgi blokning ishga tushirilishi 2029 yilda kutilmoqda. O‘rnatilgan quvvati 3600 MVt bo‘lgan Rog‘un GESi Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektrstansiyaga aylanishi kutilmoqda. To‘liq foydalanishga topshirilgandan so‘ng yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish 13 dan 17 milliard kVt/soatgacha bo‘ladi, bu mamlakatda ishlab chiqarilgan yillik elektr energiyasining 65-85 foiziga teng.

Yana 6,4 milliard dollar kerak

Standard & Poor's Global Ratings xalqaro reyting agentligiga ko‘ra, Rog‘un GESi loyihasini 2035 yilgacha to‘liq yakunlash uchun 6,4 milliard dollar kerak bo‘ladi.

Reyting mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan agentlikka taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlar asosida tayyorlangan. Hujjatda qayd etilishicha, Tojikiston hukumati ko‘p tomonlama va ikki tomonlama kreditorlar konsorsiumi bilan unga ushbu xarajatlarning qariyb 50 foizini qoplaydigan moliyalashtirish paketini taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, moliyalashtirishning yana yarmi davlat byudjeti va moliyalashtirish hisobidan amalga oshirilishi kutilmoqda.

“Dastlabki tashqi moliyalashtirish paketiga 1,73 milliard dollar yarim imtiyozli kreditlar, 850 million dollar grantlar va 390 million dollar imtiyozli kreditlar kiradi”, deya ta’kidlaydi S&P tahlilchilari.

S&P mutaxassislarining ta’kidlashicha, Rog‘un GESi allaqachon umumiy quvvatning taxminan 10-15 foizi miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ular 2024-2035 yillarda elektr energiyasidan olinadigan daromad 1,1 milliard dollarni tashkil etishini kutmoqda.

Rog‘un GESi narxi qanday o‘zgardi

2008 yilda Rog‘un GESi loyihasi qayta tiklanganida uning qiymati 3 milliard dollarga baholangan edi. 2016 yilda to‘g‘on qurilishi bo‘yicha bosh pudratchi tanlash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender chog‘ida ob’ekt qiymati 3,9 milliard dollar deb e’lon qilingan edi. 2022 yilda Tojikiston Energetika vazirligi Rog‘un GESini tugatish uchun 5 milliard dollardan ortiq mablag‘ talab qilinishini e’lon qildi.

2023 yil fevral oyi boshida vazirlik so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, stansiyani qurish uchun 6,2 milliard dollar kerak bo‘lishini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Rog‘un GESining to‘g‘onini qurish 1976 yilda boshlangan, ammo Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin to‘xtatilgan. 1991 yildan keyin O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham Rog‘un GES qurilishiga qarshi chiqqan. U seysmik jihatdan xavfli hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan.

O‘ttiz yil davomida esa to‘g‘onda faqat dastlabki qurilish ishlari olib borilgan. Uning munozarali holati hamda Jahon banki hisobotlari kechikkani sababli qurilish 2012 yil avgust oyida to‘xtatilgan. Loyiha Tojikiston hukumati tomonidan 2017 yilda qayta boshlangan. Elektr stansiyasining birinchi energiya bloki 2018 yil noyabr oyida ishga tushirilgan. Umumiy quvvati 3600 MVt (17 milliard kVt/soatdan ortiq) teng va 335 m balandlikda qurilayotgan ushbu GES dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on hisoblanadi.

Biroq uni qurish ishlarida juda ko‘plab baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgan va oqibatda GES qurilishi ishchilarning o‘limiga olib kelgan. 2020 yilda Rog‘un GESi qurilishida 15 ta avariya qayd etilgan, buning oqibatida 3 nafar ishchi halok bo‘lgan, 15 nafari turli tan jarohatlari olgan. Umuman olganda, 2020 yilda Davlat nazorati xizmati nazorati ostidagi korxona va ob’ektlarda 31 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, oqibatda 8 kishi halok bo‘lgan, 33 kishi tan jarohati olgan.

2019 yilda 33 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan, oqibatda 20 kishi halok bo‘lgan va yana 25 kishi jarohat olgan. Yaqinda ham yana fojiali hodisa yuz berdi. Yuz bergan favqulodda hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, bir kishi jarohatlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Islom Karimov Imomali Rahmon Rog'un GES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing