Karantinni buzganlarga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llaniladi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 24 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Majlisda kun tartibidagi masalalardan biri – “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Qonunda karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatganlik, ularni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV va internet orqali tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llashni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Agar shaxs karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida sanitariya va epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzsa, unga nisbatan 30 sutkagacha bo‘lgan muddatda tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi mumkin.  

“Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 50 nafarga yetdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Senat karantin

Baholaganlar

95

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing