“Karantinga olinmagan mitinglar” – Pandemiya namoyishlarga qanday ta’sir qildi?

Tahlil

image

Og‘ir kechgan 2020 yil ham yakuniga yetmoqda. Bu yilda qo‘rquv, vahima, g‘azab hissi ko‘p vaqt yaqin hamrohga aylandi. Odamlarning xotirjamligi yo‘qolib, norozilikka moyilligi ortdi. Bu bir qator davlatlarda bo‘lgan namoyishlar hamda tartibsizliklarda o‘z aksini topdi. Xususan, uzoq vaqtlardan beri odamlarni qiynab kelgan irqchilik muammosi AQSHda Jorj Floydning o‘ldirilishi ortidan butun dunyoga ko‘rinish berishi, bundan tashqari, 26 yillik diktaturadan charchaganlar Minskda prezidentlik saylovlarida Lukashenkoning g‘alabasiga qarshi namoyishga chiqishi, Rossiyada xalq ishongan vakil — Xabarovsk gubernatori Furgalning qamoqqa olinishi ortidan haligacha tinmayotgan namoyishlar yoki qo‘shni Qirg‘izistonda Prezident iste’fosiga olib kelgan inqilob ijtimoiy hayotning naqadar ta’sirchan bo‘lib qolganini qo‘rsatmoqda. Yil boshida pandemiya keltirib chiqargan vahima yuqoridagi jarayonlarga qanday ta’sir qildi? Ijtimoiy kayfiyatning tushib ketishi va buni norozilik namoyishlariga aylanishida o‘rnatilgan qat’iy karantin cheklovlari qanday rol o‘ynadi? Norozilik namoyishlarining keng tus olishida ijtimoiy tarmoqlar kimga xizmat qildi? Quyidagi maqolada shu savollar doirasida batafsil suhbatlashamiz.

Koronavirus sarosimasining namoyishlarga ta’siri

2019 yil oxirida Xitoyning Uhan shahrida qayd etilgan yangi turdagi koronavirus COVID-19 pandemiyasi deyarli barcha sohaga ta’sir qildi. Odamdan-odamga havo tomchi yo‘li orqali yuqish xususiyatiga ega bo‘lgan va ko‘p hollarda o‘lim bilan xavf solgan kasallik butun insoniyatni sarosimaga tushirdi. Tasavvurda dunyo o‘z tizginidan chiqib ketgandek edi. Ocharchilik va iqtisodiy tanglik xavfi odamlar ongini shunchalik egallab oldiki, qo‘rquvdan oziq-ovqat g‘amlash uchun o‘zini sotuv rastalariga urganlar yetarlicha topildi.

 

Bunday vaziyat yil boshidan beri tinmayotgan namoyishlarni ortga surdi, koronavirus vahimasining ta’siri ham shunda bo‘ldi. Ba’zi holatlarda namoyishchilarning o‘zi kasallanib qolishdan cho‘chib, vaqtinchalik uyda qolishni afzal bildi. Boshqa holatlarda esa koronavirus xavfini to‘g‘ri qabul qilgan namoyish faollari harakatlarni to‘xtatashi haqida e’lon qildi. 

Misol tariqasida, 2019 yil 1 oktryabrda Iroqda ishsizlik, korrupsiya va samarasiz davlat xizmatlariga qarshi boshlangan norozilik namoyishlarini olish mumkin. Unda 10 minglab ishtirokchilar qatnashgan. Kuch ishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuvlarning ilk haftasidayoq namoyishchilarning 250 nafari halok bo‘lgan. Shu zaylda davom etayotgan namoyish koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yilning 21 mart kuni to‘xtatildi. Namoyish ishtirokchilari infeksiya xavfi kamayguniga qadar vaqtinchalik uyda qolishga qaror qildi. 

Iroqdagi namoyishlar pandemiya ta’siri ostida to‘xtab qolgan yagona holat emas. Gonkongda o‘tgan yilning aprel oyida hukumat tomonidan gumondagi shaxslarni Xitoyga ekstraditsiya qilish imkonini beruvchi qonun loyihasining taqdim etilishi ortidan norozilik namoyishlari boshlangan edi. 2019 yilning yozida ushbu qonunga qarshi millionlab odamlar qo‘chaga chiqqan edi. Biroq koronavirus tarqalishi ortidan paydo bo‘lgan vahima Gonkongni ham chetlab o‘tmadi. Ushbu xavotir ta’sirida 2020 yilning yanvar oyiga kelib harakat ishtirokchilari soni 200 nafarga tushib ketdi.

Bunday holat Rossiyada ham kuzatiladi. Gap shundaki, joriy yilning 11 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Unga ko‘ra, amaldagi Prezident Vladimir Putinning davlatni boshqarish muddatini nollashtirish belgilandi. Bu esa Putinga hokimiyatda 2036 yilgacha qolish imkonini berardi. Qarordan norozi bo‘lgan aholi esa mitinglar uyushtirib, ko‘chalarga chiqdi. Biroq, namoyish tashkilotchilari 20 mingdan ortiq ishtirokchi muntazam ravishda qatnashib kelgan harakatlar to‘xtatilishini e’lon qildi. Shunday qilib, Rossiyada ham koronavirus ta’siri ostida norozilik namoyishlari bir muddatga chekindi.

“Mamlakatda koronavirus sabab vaziyat tobora tahlikali ko‘rinish olmoqda, bunday sharoitda biz miting ishtirokchilarini virusga duchor qilmoqchi emasmiz”, deya tushuntirish bergan edi miting tashkilotchilaridan biri Andrey Pivovarov.

Nega tinib qolgan namoyishlar qayta jonlandi?

Joriy yilning mart oyida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida karantin cheklovlari o‘rnatildi. Buning natijasida 90 ta davlatdan 4 milliardga yaqin inson “uy qamog‘ida” o‘tirishga majbur bo‘ldi. Shu zaylda oradan bir necha hafta o‘tdi, lekin vaziyat o‘zgarmadi. Bu orada iqtisodiy qiyinchiliklar odamlarning tinkasini quritdi. 

Dastlab pandemiya ortidan o‘rnatilgan karantin cheklovlari hammani uyda qolishga majbur qilgan bo‘lsa, keyinchalik ushbu cheklovlar odamlarning noroziligiga sabab bo‘la boshladi. Aprel oyidan karantin cheklovlariga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Ular asosan 1000 kishidan oshmagan kichik guruhlar doirasida, masofa saqlagan holda o‘tkazildi. Lekin, Germaniya va AQSHda bo‘lgan namoyishlarda 30 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Asosan bizneslari to‘xtab qolgani va cheklovlar haddan tashqari og‘irligidan qiynalgan odamlar “hayotimni qaytar”, “yo hayot yo mamot”, “ishlashga ruxsat ber” shiorlari ostida birlashdi.

Namoyishlarning globallashuvida irqchilikka qarshi harakatning roli

AKSH, Minneapolis shtati. 2020 yil, 26 may. 46 yoshli qora tanli AQSH fuqarosi Jorj Floydning o‘limiga politsiya xodimi sabab bo‘ldi. Minneapolis politsiya departamenti xodimi Derek Shovin tizzasi bilan 8 daqiqa davomida Floydni bo‘g‘ib turdi. Shovinning hamkasblari esa o‘tgan-ketganlarning oraga tushmasligini ta’minladi. Bu vaqtda Floyd nafas yetishmayotganidan jon taslim qilar edi. Bularning hammasi video tasvirga muhrlandi va butun dunyo e’tiboriga havola etildi. Buyog‘i “domino effekti”.

 

Aynan video tasvir dastlab Minneapolisda, keyinchalik butun AQSH va dunyoga yoyilgan namoyishlar boshlanishiga asosiy vosita bo‘lib xizmat qildi. Jorj Floyd namoyishi ildizi 2013 yilga borib taqaladigan “BLACK LIVES MATTER” ijtimoiy harakatini qayta jonlantirdi. Jarayon AQSHda boshlangan bo‘lsa-da, keyinchalik keng halqaro jamoatchilik tomonidan qullab-quvvatlandi. Xususan, Antarktidadan boshqa barcha qit’alardagi 60 ga yaqin davlatlarda bu jarayon o‘z aksini topdi. Bu holat irqchilik va kamsitish muammolari deyarli har bir jamiyatda mavjudligini anglatardi. Qo‘shma Shtatlarda bo‘lgani kabi, butun dunyodagi hukumatlar uzoq vaqt davomida irqiy adolatsizlik muammolarini e’tiborsiz qoldirib kelgandi.

Namoyishlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni

Bugungi kun ijtimoiy noroziliklarida “suvdek moslashuvchan bo‘l” degan yangi ibora mavjud. Jang san’ati afsonasi Bryus Lining ushbu so‘zlaridan ilhomlanib, Gonkongdagi demokratiyani qo‘llab-quvvatlovchi harakat maxsus konsepsiya tuzadi. Ushbu konsepsiya har qanday vaziyatga molashuvchan munosabatni talab qiladi. Gongkongda 2019 yil qabul qilingan ekstraditsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi kampaniya paytida ilk marotaba qo‘llanilgan ushbu konsepsiyada namoyishchilarning internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli efirlar uyushtirishi belgilangandi. Bu usul namoyishchilarga ta’qiblardan qochish, politsiyaga chap berishda qo‘l qeldi.

 

Bu Minskdagi namoyishlarda ham ko‘zga tashlanmoqda. Prezident Aleksandr Lukashenkoning iste’fosini talab qilayotgan norozilar Gonkong strategiyasidan foydalanib, politsiya bilan mushuk-sichqon o‘ynamoqda. Ular ta’qiblardan qochish uchun Telegram kanallardan foydalanmoqda. Eng qizig‘i namoyishlar ijtimoiy tarmoqlarning kuchi bilan hech qanday lidersiz ham tashkil qilinyapti. Shunchaki guruh, kanal va bloglarda qachon va qayerda yig‘ilish, qanday hayqiriq va qo‘shiqlar kuylash va shu kabi namoyishning maxsus detallari rejalashtiriladi va ishtirokchilarga xabar beriladi.

 

Namoyishlarning kurtak ochishi va rivojlanishida nafaqat ijtimoiy tarmoqlar, balki ular orqali tarqalyotgan foto va fideo tasvirlar ham katta rol uynamoqda. Bunga yorqin misol tariqasida “BLACK LIVES MATTER” jarayonining boshlanishiga nima vosita bo‘lganini eslash qifoya. Bu birgina 10 daqiqalik video tasvir va uning takmoqlarda katta tezlikda tarqalishi edi.

“Tasvirning kuchi ehtiyojlarni yangicha shaklda qondiryapti. Siz nima bo‘lishini Jorj Floydning o‘limi misolida ko‘rishingiz mumkin. O‘sha vaziyatda olingan video ko‘plab odamlarga ta’sir qila olgan. Bu gazetadagi reportajni o‘qishdan keskin farq qiladi”, deydi Oregon shtat universiteti sotsiologiya fanlar dotsenti Kelsi Krechmer.


Provakatsiya...

Ommaviy norozilik harakatlari bugungi kun hukumatlari uchun jiddiy muammoga aylanib ulgurdi. Boshlangan namoyishlar esa yillab davom etishi, hatto, tugamasligi, anarxiya, bosh-boshdoqlik va tiklab bo‘lmas falokatlarga ham olib kelishi mumkin. Bu kabi xavfni hisobga olgan holda shuni ta’kidlash kerakki, ijtimoiy tarmoqlarning provakatsion ta’siriga tushib qolmaslik uchun har bir fuqaro individual fikrlay olishi, hissiyotga berilmasligi, atrofidagi vokealarga befarq bo‘lmasligi va har doim ogoh bo‘lishi muhim. 

Ko‘z oldimizga keltirishimiz uchun esa yetarli misollar bor. 2010 yildagi “Arab bahori” deya nom olgan rangli inqiloblarni eslaylik. Namoyishlarga chaqiriq, qo‘zg‘alon, hokimiyat uchun kurash qanday asoratlar qoldirganini Suriya, Liviya kabi mamlakatlarning 10 yillik azob-uqubatlarida ko‘rib turibmiz. Bu mamlakatlar xalqi dunyo bo‘ylab yoyilib ketdi, tarixi quladi, kelajkka qurilgan poydevori yo‘q qilindi.
 


Maqola muallifi

Teglar

karantin namoyishlar BLM

Baholaganlar

18

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing