Eronda Mahsa Amini vafotining bir yilligi munosabati bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Eron hukumati kurd qizi Mahsa Amini vafotining bir yilligi munosabati bilan mamlakatda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida 260 dan ortiq odamni hibsga oldi. Bu haqda “Shargh” gazetasi mahalliy xavfsizlik organlariga tayanib xabar berdi.

Hibsga olishlar joriy yilning 16 sentyabr kuni 24 soat ichida amalga oshirilgan. Xavfsizlik organlari ularni jamoat xavfsizligini buzish, norozilik namoyishiga chaqirish yoki qurol saqlashda ayblagan.

Mahsa Amini o‘limining bir yilligi oldidan Eron hukumati norozilik namoyishlarining oldini olish uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

Huquq himoyachilarining xabar berishicha, Eron g‘arbidagi Sekkez shahridagi qizning oilasi uyi yaqinida ko‘plab politsiya xodimlari joylashtirilgan. Mahsaning otasi Amjad Amini 16 sentyabr oqshomida qizi xotirasiga motam e’lon qilgan.

Eron matbuotiga ko‘ra, o‘shanda qizning otasi politsiya bo‘limiga chaqirilib, ogohlantirish olgan, biroq keyin qo‘yib yuborilgan.

15 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi, AQSH va Buyuk Britaniya namoyishlarni bostirgani uchun Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilgan. Eron Tashqi ishlar vazirligi bu harakatlarni “noqonuniy va diplomatik emas” deb atagan.

Mahsa Amini vafoti va namoyishlar 

2022 yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.

Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.  

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga “yurak yetishmovchiligi” sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchi kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi. 

Eronda uning o‘limidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab olgan.  Ularning ishtirokchilari demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Sentyabr o‘rtalaridan beri Eronda jami 18,5 ming kishi hibsga olingan. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron namoyishlar Mahsa Amini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing