Italiyada talaba qiz sobiq sevgilisi tomonidan o‘ldirildi

Olam

image

Joriy yilning 18 noyabr kuni Italiyada 22 yoshli talaba qiz sobiq sevgilisi tomonidan o‘ldirildi. Ushbu qotillikdan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ANCA agentligi xabar berdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Juliya Chekettin joriy yilning 11 noyabr kuni g‘oyib bo‘lgan. Bir hafta o‘tgach, uning plastmassaga o‘ralgan jasadi Italiya shimolidagi ko‘l yaqinidagi ariqdan topilgan. 

ANCA agentligining tergovchilar xulosasiga tayanib yozishicha, Juliya o‘z qotiliga taxminan 25 daqiqa qarshilik ko‘rsatgan – u qochishga uringan, biroq yigit unga yetib olib, qizga pichoq sanchib, yerga yiqitgan.

Shu yilning 19 noyabr kuni Germaniya politsiyasi Juliyaning sobiq yigiti 21 yoshli Filippo Turettoni qo‘lga olgan. U odam o‘g‘irlash va qotillikda gumonlanib hibsga olingan.

Qotillikdan bir necha soat oldin Juliya u bilan savdo markazida uchrashgan. Italiya Ta’lim vaziri Juzeppe Valditara maktab va universitetlarni 21 noyabr kuni Juliya Chekettin xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashga chaqirgan. Biroq, ba’zi talabalar buning o‘rniga ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi norozilik bildirishga qaror qilgan.

Oqibatda mamlakatning Rim, Boloniya, Turin va boshqa shaharlarida ham norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Italiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda mamlakatda 100 dan ortiq ayol o‘zlariga tanish bo‘lgan erkaklar tomonidan o‘ldirilgan.

Senator Valeriya Valentening aytishicha, Italiyada oiladagi zo‘ravonliklar ildiz otgan shovinistik mentalitetni aks ettiradi.

Juliya Chekettinning o‘ldirilishida hali rasman ayblanmagan Filippo Turetto Germaniyada, u Italiyaga ekstraditsiya qilinishini kutmoqda. Nemis rasmiylariga ko‘ra, u bunga e’tiroz bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktyabr oyi oxirida Eronda axloq politsiyasining hijob o‘rash talabidan bosh tortgani uchun hibsga olingan 16 yoshli Armita Garavand shifoxonada vafot etgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Italiya namoyishlar Juliya Chekettin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing