Karantindan qochib, Denovda qo‘lga tushgan bemorning taqdiri nima bo‘ldi?
Jamiyat
−
25 mart 2020
19828Joriy yilning 16 mart kuni Koreya Respublikasidan Moskva shahriga va u yerdan poyezdda Samarqand shahriga kelgan, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro A.Ashurov kuzatuvga olinib, Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan edi.
Ushbu fuqaro 20 mart kunidan 21 mart kuniga o‘tar kechasi epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan kasalxonadan qochib ketganligi aniqlandi. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida u Surxondaryo viloyati, Denov tumanida ushlanib, umumiy karantinga joylashtirilgandi.
“Fuqaro shifokorlar nazoratida bo‘lib, unda COVID-19 koronavirus kasalligi qayd etilmadi”, dedi Denov tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ismoil Yusupov.
Kecha, 25 mart kuni bo‘lib o‘tgan Senatning yalpi majlisida ham aynan mana shu masalaga e’tibor qaratildi va zarur qarorlar qabul qilindi. Agar shaxs karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida sanitariya va epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzsa, unga nisbatan 30 sutkagacha bo‘lgan muddatda tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoiy ishi qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni dam O‘zbekistonda infeksiya yuqtirib olganlar soni 55 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor