Karantinda “snos” mojarosi: Yangiyo‘ldagi buzish ishlari nima sababdan amalga oshirildi?
Tahlil
−
05 may 2020
11686Bir necha kun avval Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Bunyodkor” MFY hududida aholi binolarning buzilishi ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, ayni karantin vaqtida bu binolar nima sababdan buzildi? O‘sha yerdagi fuqarolar va davlatning mas’ul shaxslari masalaga qanday izoh beradi? Holat yuzasidan QALAMPIR.UZ tahririyati o‘z jurnalistik surishtiruvini olib bordi.
Fuqarolardan biri Shavkat Bobojonovga ko‘ra, joriy yilning 28 aprel kuni ertalab, tuman hokimi o‘rinbosari Aziz Akromov, tuman prokurori Muzaffar Rashidov hamda boshqa mutasaddilar uyni buzuvchi shaxslar va texnikalar bilan mahallaga kirib kelgan. Fuqarolarga binolarni buzishga ruxsat beruvchi hech qanday hujjat taqdim qilmasdan, buzish ishlarini boshlagan. Qarshilik qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun karantin qoidalarini buzdi, deya tegishli idoraga olib borish uchun alohida avtobus ham jalb qilingan. Shu bilan birga, fuqarolarga binolari buzilishi haqida yozma ogohlantirish xatlari ham berilmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, hududda yashovchi 47 ta xonadon vakillariga 2003-2005 yillar oralig‘ida tuman hokimi qarori bilan “Yangiyo‘l” shirkat xo‘jaligi hisobidan yer ajratilgan. Yer maydoni sug‘oriladigan yer toifasidan ham chiqarilgan. Ular yillar davomida yerdan foydalanib kelgan. Ayrimlari uy solib, oilasi bilan birga yashamoqda. Ammo o‘tgan yillar davomida fuqarolarni na hokimlik vakillari va na huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot xodimlari bezovta qilgan. Mazkur hududdagi yerga bo‘lgan nizo ikki yil avval boshlangan.
Yodingizda bo‘lsa, “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingandi. Fuqarolar o‘shanda barcha hujjatlarni yig‘ib, tegishli tashkilotga topshirgan. Biroq hokimlik ruhsati bo‘lmagani bois, ushbu aksiyada ham ishtirok eta olishmagan. Ayrimlarining to‘lagan mablag‘lari egalariga qaytarilmagan.
“O‘sha vaqtlari bolalarimiz yosh edi. Uy qurishga ehtiyoj yo‘q edi. Mana endi ularga o‘z oilasi bilan yashashga uy kerak bo‘lmoqda. Uy qurishdan avval mas’ul tashkilotdan ruxsat so‘rab, qurilish ishlarini boshladik. Kadastrga hujjatlashtirish ishlari uchun borganimizdan so‘ng, sarsongarchilik boshlandi. Bir yildan beri ovoramiz. Mutasaddilar bir marta qurgan binolarimizni buzishga kelganida janjal bilan qaytargandik. 28 aprel kuni karantin vaqtida, Ramazon oyida kelishib, uylarimizni bir chekkadan buzib tashlashdi. Farzandlarim Rossiyada ishlaydi. Jo‘natgan pullariga shu binoni qurgandim. Ular buzib tashlashdi. Prezidentga rahmat xalqini, elini qo‘llamoqda. Ammo bu yerdagilar buning aksini qilmoqda. O‘sha kuni biznikidek bir nechta binolarni buzishdi”, deydi Hakima Yo‘ldosheva.
Boshqa bir fuqaro Farruh Umarov yillar davomida yer, mulk va boshqa soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelganini aytdi. Barcha hujjatlar tayyorlangan. Ammo avvalgi hokim davrida mulkni to‘liq hujjatlashtirish ishlari noqonuniy qurilma vaji bilan to‘xtatib qo‘yilgan. Bahodir Bobojonovga ko‘ra, ular bir tashkilotga borsa, “haqqing bor, quraver” mazmunida javob oladi, hokimlik esa bunday huquq ularda mavjud emasligini aytadi.
Shundan so‘ng, holat yuzasidan izoh olish uchun Yangiyo‘l tuman hokimligiga bordik. Tuman hokimi Ulug‘bek Yalgashev berilgan savollarimizga quyidagi mazmunda javob qaytardi.
“Ushbu hududdagi “snos” masalasida mas’ullar, deputatlar, yoshi ulug‘lardan iborat tarkibda ishchi komissiya tuzdik. Fuqarolar bilan bitta-bitta uchrashib, masala chuqur tahlil qilinmoqda. O‘rganish ishlari yakuniga yetgach, o‘sha hududni ekin ekishni amalga oshiruvchi kooperatsiyaga biriktirib beramiz. U yerdagi daraxtlar, yerlarni ham ko‘rdingiz. Adashmasam, bir gektar maydonda bo‘lsa bir, 40-50 ta daraxt bor. Bog‘ orasiga ozuqa bo‘ladigan ekinlar ham ekilmagan. Ular bir necha marta ogohlantirilgan. Bu uzoq joy emas. Tuman markaziga yaqin joy hisoblanadi”, deydi tuman hokimi.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 4 iyul kuni o‘sha vaqtdagi hokim To‘xtaboyev imzosi bilan “Bunyodkor” MFYdagi 160-162-166-konturlarida (aynan janjal bo‘layotgan konturlar) aholi dam olishi uchun park, sayilgoh va shu kabi ko‘ngilochar bino-inshootlar qurilishi rejalashtirilgan qaror chiqarilgan. Yangi hokimga bu qaror bilan tanish yoki tanish emasligi haqida so‘raganimizda, u mazkur qaror bilan to‘liq tanish emasligini aytdi. Ushbu hujjat huquqiy asosga ega emasligini alohida ta’kidladi. Masalaga to‘liq baho tuzilgan ishchi guruhi xulosasi asosida berilishini aytdi.
Shundan so‘ng, nega aynan buzish ishlari karantin, Ramazon oyida boshlangani, bu bo‘yicha “yuqori”dan alohida buyruq kelgan-kelmagani haqida savollar bilan yuzlandik.
“Bir masala diqqatingizni jalb qilishingizni istardim, u yerda buzilgan binolar uy hisoblanmaydi. Shiferlari bir tomonlama yopilgan va uy “shlakoblok”dan bo‘lmaydi. Tumandagi obod mahallamizga ham olib borishimiz mumkin. Uy bir xil uslubda va bir xil materiallardan qurilgan. Bu aynan uylar bitta odamga tegishli ekanini bildiradi. Biz odamlar yashab turgan uylariga tegmadik va bu insonlarning karantin holatlariga ta’sir qiladigan narsalar emas.
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi degan masala ketmoqda. Bo‘sh turgan yerlarga xalqimizga nimadir ektirishimiz kerak. Yerlarni olib qo‘yish maqsad qilinmagan. Kooperatsiya tashkil qilib, 40-50 ta ishchi-xodimga beramiz. Ularga subsidiyalar ham ajratiladi. Yaqinda shunday kooperatsiya tashkil qilib, 80 ta insonni ish bilan ta’minladik. Buni o‘sha yerdagi aholi vakillariga ham tushuntirdik. U yerga meva-sabzavot, ayniqsa, kartoshka ektirmoqchimiz. Bu ishlarni o‘zlari amalga oshiradi. Boshqaruvchisini ham o‘zlari topadi. Faqat biz davlat tomonidan subsidiyalar beramiz, ularga kerakli urug‘lar ham yetkazamiz. Yoki dehqon xo‘jaligi sifatida ham ishlashlari mumkin”, deya berilgan savolga javob qaytardi hokim.
Hujjatlarda o‘sha konturlardagi yerlar sug‘oriladigan emas, aynan tomorqa yeri ekanligi ko‘rsatilgan. Hokimlik va boshqa vakillar aholi hududiga borgan vaqtda esa ularga egallangan yerlar sug‘oriladigan yerlar deb aytilgan. Bu haqdagi savolga Ulug‘bek Yalgashev quyidagicha tushuntirish berib o‘tdi.
“Ushbu konturlarda sug‘oriladigan yerlar ham, sug‘orilmaydigan yerlar ham bor. Nima bo‘lganda ham o‘sha yerga ozuqa ekinlari eksa bo‘ladi. Aytganimdek, hududda yo kooperatsiya yoki dehqon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Xalq qaysinga rozi bo‘lsa, o‘sha shaklda tuziladi. Suvli joy bo‘lgani bois, turar-joy qurilishi rejalashtirilmagan. Masala chuqur tahlil talab qiladi. Aholining ko‘pchiligi kolxoz vaqtidagi hujjatlarni qo‘liga ko‘tarib olgan. Yerni maktabda o‘qiydigan farzandining nomiga hujjatlashtirgan. Bu yerda tuman hokimining qarori bo‘lishi kerak, degan fikrdaman”, deydi Yalgashev.
Hokimga ko‘ra, har bir qarich yer o‘zlashtirilishi, unga ekin ekilishi zarur. Bu bo‘yicha davlat rahbarining alohida topshirig‘i bor. O‘sha atrofdagi yerlardan boshqa aholi vakillari unumli foydalanmoqda. Ekin ekaman, degan aholiga hech qanday qarshilik bo‘lmaydi.
Yangiyo‘l tuman prokurori Muzaffar Rashidov aynan janjal bo‘layotgan konturlarda aholi dam olishi uchun park, sayilgoh va shu kabi ko‘ngilochar bino-inshootlar qurilishi rejalashtirilgan sobiq hokim qarori masalasida tushuntirish berib o‘tdi. Unga ko‘ra, loyiha keyinchalik tasdiqdan o‘tmagan, yer maydoni yuqoridagi maskanlar qurilishi uchun talabga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan. Shu sababli vaqt o‘tib, qaror ham bekor qilingan.
Tuman hokimligi binosidan chiqib, yanada aniq ma’lumot olish uchun kadastr bo‘limi binosiga bordik. Tumandan saylangan Oliy Masjlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev, Yangiyo‘l tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i v.b. Rahim Jo‘rayev, o‘sha vaqtda nizoli hududni bo‘lish ishlarida bosh-qosh bo‘lgan mas’ul G‘ayrat Mamajonov, tuman deputati Sardor Nigmatjonovlar hududdagi yerlar masalasida o‘zaro suhbatlashdi.
Xulosa shu bo‘ldiki, “Bunyodkor” MFYdagi 160-162-konturdagi yerlar faqatgina tomorqa yerlari, 166-konturdagi yer tarkibida esa keyinroq qilingan yo‘qlama ishlari natijasida, haydaladigan yer ham, qishloq xo‘jaligi yeri ham va tomorqa yeri ham mavjud bo‘lgan. Tomorqa yerlariga esa fuqarolar turar-joy qurishi mumkin bo‘ladi. Biroq savol paydo bo‘ladi. Nega shuncha yillar davomida uylar qurilmadi? Nega shuncha vaqt ichida mas’ullar ham bu holatga jim qarab turdi? Shu savollar o‘quvchida qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Shu bilan birga, tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi ham ochilgani aytildi. Tergov harakatlari davom etayotgani ma’lum qilindi.
Yuqoridagi taraflarning vajlari, izohlari, mavjud ma’lumotlar masalaga xolis baho bera olish uchun katta tahlilni talab qilmoqda. Bizga ko‘rinib turgan jihatlar aysbergning faqatgina uchi bo‘lishi ham mumkin. Holat yuzasidan alohida maxsus guruh ishlashi, u ishni xolis o‘rganib, o‘z xulosalarini taqdim etsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biz esa fuqarolarning yoki mas’ullarning to‘liq yonini olishdan, yoki qoralashdan ham yiroqmiz. Nima bo‘lganda ham falokatlar yuz berayotgan ayni vaqtda, sih ham, kabob ham kuymasligi tarafdorimiz. QALAMPIR.UZ hozircha voqealar rivojini kuzatadi.
LiveBarchasi