Karantinda saqlanayotganlar soni bir kunda 3 000 nafarga kamaydi
Jamiyat
−
21 may 2020
9555Hozirda O‘zbekiston hududida 45 mingdan ko‘proq fuqaro karantinda saqlanmoqda. Bu kechagi ko‘rsatkichdan 3 000 nafarga kam hisoblanadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“45 mingdan ko‘proq fuqaro karantinga olingan. Ulardan 17 mingdan ortig‘i statsionar sharoitda karantin muddatini o‘tayapti“, deydi Nurmat Otabekov.
Kecha, 20 may kuni karantinda saqlanayotganlar soni 48 mingdan ortiq ekanligi ma’lum qilingan edi. Kechagi ma’lumot bilan solishtiradigan bo‘lsak, statsionar sharoitda karantin muddatini o‘tayotgan fuqarolar soni o‘zgarmagan.
Qayd etilishicha, 20 may kuni 12 mingdan ziyod, kasallik dastlabki aniqlangan kundan bugunga qadar esa 540 mingdan ko‘proq laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 2950 nafarga yetdi. 20 may kuni 34 nafar, bugungi kunga qadar 2372 nafar, ya’ni 80 foizdan ortiq bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 565 bemor davolanmoqda.
LiveBarchasi