Karantinda Qurbon hayiti qanday nishonlanishi belgilandi
Jamiyat
−
26 iyul 2020
16545Ma’lumki, joriy yilning 31 iyul kuni O‘zbekistonda Qurbon hayiti bayramining birinchi kuni etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining bugun, 26 iyul kuni qabul qilingan qaroriga muvofiq Qurbon hayotini nishonlash bo‘yicha quyidagilar belgilangan:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablariga muvofiq o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonoti ma’lumot uchun qabul qilindi va mahalliy hokimliklarga tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirig‘i berilgan.
Fuqarolarga Qurbon hayitining karantin talablariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli hamda xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish tavsiya etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Respublika maxsus komissiyasi tavsiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining fatvosi bilan 16 iyuldan boshlab masjidlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Bu orada, joriy yilning 24 may kuni Ramazon hayiti nishonlandi va jamoat namozi o‘rniga uyda Zuho (choshgoh) namozi o‘qilishi tavsiya etildi.