Karantinda 14 kun: Xitoydan qaytganlar bilan suhbat (video)

Jamiyat

Avvalroq, bugun, 18 fevral kuni “Bo‘ston” sanatoriysida joylashtirilgan Xitoydan kelgan 294 nafar fuqaroni karantin muddati tugab, uyiga kuzatilgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ muxbiri karantin hudida bo‘lib, Xitoydan kelganlar bilan suhbatlashdi. 

“Bu yerda meni qizim bor. U Xanjou shahrida o‘qiydi. Hamma ota-otanalar nomidan aytamanki, juda ham xursandmiz. Bolalarimizni qaytarib olib kelishgani uchun rahmat aytamiz.  Qattiq tushkunlikka tushdik, stress holati bo‘ldi. Lekin olib kelishganidan so‘ng, o‘zimizga keldik. Bolalarimizdan xabar olib turdik. Ikki  hafta davomida yaxshi sharoitda bo‘lishdi. Aviakompaniyaga, shifokorlarga va Tashqi ishlar vazirligi xodimlariga rahmat. Prezidentimizga rahmat, bolalarimizni olib kelishgani uchun”,  deydi Karina Yoqubovaning onasi Sofiya Yoqubova.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelingan fuqarolar 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat’iy karantin holatida saqlandi. 

14 kunlik karantindan so‘ng, Xojiakbar Sattorov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Boshida hech kimda xavotir bo‘lmadi. Hamma xotirjam edi. Oxiriga kelib, kasallik kuchayishni boshladi. So‘ng turli xabarlar chiqa boshladi. Vatanimiz bizga yordam berib, olib ketadigan bo‘ldi. Charter reys tashkil qilib berishdi. Keldik va hammasi yaxshi. O‘n to‘rt kun davomida to‘rtta kitob o‘qidim. Faqatgina hayotdan zavq oldik. Mobil telefonlarimizni olib qo‘yishgani uchun rahmat. Men juda xursand bo‘ldim. Olti-yetti yildan buyon tinmasdan telefon yonimizda, buning esa zarari bor. O‘n to‘rt kun hayot haqida o‘ylab, ozgina dam oldik. Har kuni uch mahal harorat tekshirilib, ikki martta qon topshirdik”.

Shu davr yakuniga qadar, tibbiy kuzatuv va maxsus laboratoriya tekshiruvlari to‘liq, xalqaro standartlar bo‘yicha olib borilgani aytildi. Karantinda bo‘lgan fuqarolar birinchi kun va inkubatsiya davrining tugashi bilan, ya’ni ikki marta koronavirus infeksiyasi bor yo‘qligini aniqlash bo‘yicha virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilgan. Tahlil natijalari biror fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi yo‘qligini aniqlab berdi.

Virus tarqalganidan so‘ng, Xitoydagi O‘zbekiston fuqarolari orasida ko‘plab vahimali gap-so‘zlar tarqaldi. O‘zbekistonga qaytolmaymiz degan xovotir Sayyora Tojixo‘jayevada ham bo‘lgan.

“Xitoyni Leonen provinsiyasi Dalyan texnologiya universitetida ikkinchi bosqich doktarantiman. Ikki yildan buyon tahsil olaman. Koronavirusni kutmagan edik, to‘satdan avj oldi. O‘qishdan  ta’tilga chiqqan edik. 11 fevral kuni uyga ketishni reja qilgan edik. Lekin to‘rtinchi fevralda hamma reyslar qoldirildi. Biz ham xavotirga tusha boshladik. Uyga qaytolmaymiz, deb o‘yladik. Chunki charter reys haqida hech gap bo‘lmagan edi. O‘zbekistonga qaytishdan avval bizda ham xavotir bor edi. Sababi u yerdagi fuqarolar bilan muloqotda bo‘lganimiz bois bizga ham kasallik yuqib qolganmi degan xavotir uyg‘ondi. Charter reysni e’lon qilishgandan so‘ng, juda quvondik. Talabalar 300dan ortiq edi. Samolyotga hamma sig‘maydi va aeroportda qolib ketsak, u yerda kasallik kimdandir yuqsa-chi, degan xavotir boshlandi. Lekin harakat qilishdi va bizni olib ketishdi. Kelganimizdan keyin ham juda chiroyli kutib olishdi. Barcha xodimlar maxsus kiyimlarda edi. Bizni “Bo‘ston” sihatgohiga olib kelishdi va doimiy nazorat ostida bo‘ldik”, deydi Sayyora Tojixo‘jayeva.

Barcha muassasalarda yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishgani haqida ma’lum qilindi. Ular karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat yuritishgan. Shuningdek, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari jalb etilib, ular alohida binolarga joylashtirilgan. Kuzatuvning boshida hamda oxirida ikki marta virusologik tahlil bo‘yicha aniqlangan natijalarga ko‘ra, Xitoydan olib kelingan fuqarolar o‘rtasida koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan. 

"Bugungi kunda Davlat chegaralarida xalqaro aeroportlardan kirib kelayotgan chet el fuqarolari va O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa, Xitoy davlatida bo‘lib qaytayotgan fuqarolar ustida 14 kun mobaynida tibbiy ko‘rik va tibbiy kuzatuvlarni davom ettirayapmiz. Bu vaziyat dunyo bo‘yicha barqarorlashguncha tadbirlarni davom ettirishimiz kerak. Buning uchun bizni mutaxassislarimiz yetarli”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitaniya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov.

Ertaga va indinga karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan boshqa tibbiyot muassasalaridagi Xitoydan olib kelingan fuqarolar ham o‘z uylariga kuzatiladi.

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda dunyo miqyosida koronavirusni yuqtirganlar 73,438 nafarni, o‘lim holatlari 1875 tani, tuzalganlar soni esa 13127 kishini tashkil etmoqda.  
 


Maqola muallifi

Teglar

karantin koronavirus

Baholaganlar

116

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing