“Karantin yulduzi” Otabekov O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgan kunni qanday eslaydi?

Intervyu

image
0:00
0:00
download

Koronavirusni qo‘ya turing, kasallik bahonasida odamlar davlat idoralari xodimlarining ko‘pchiligini tanib oldi. Ayniqsa, O‘zbekistonda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi (sobiq) borligi, uning vazifalari nimalardan iboratligidan xabar topdi. Tashkilot rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov esa pandemiya va karantin davrida O‘zbekistonda eng yuqori mashhurlikka erishgan mansabdor bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. U deyarli har kuni televideniye, radio, internet saytlar orqali chiqish qilib, vaziyat yuzasidan oxirgi axborotlarni berib bordi. Xo‘sh, Otabekov O‘zbekistonda ilk bor koronavirus aniqlangan kun – 15 martni qanday xotirlaydi? 

“2020 yilning 15 mart kunini hanuzgacha juda yaxshi eslayman. Men o‘sha kuni o‘zim bilan birga o‘qigan kursdoshlarim bilan uchrashgandim. Ertalab internet orqali O‘zbekistonda ham koronavirus kasalligi aniqlanganidan xabar topdim. Xabarni o‘qigach, hushyor tortdim. Boisi, bu bizga kelgan qo‘ng‘iroq edi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov menga qo‘ng‘iroq qilib, “hozir yoningizga muxbirlar keladi, O‘zbekistonda koronavirus aniqlangani haqida intervyu berasiz”, dedi. O‘sha zahoti uydagilarga qo‘ng‘iroq qilib, kiyimlarimni ishxonaga yetkazishlarini so‘rab, o‘zim ham yo‘lga chiqdim. Idoramiz ostonasida televideniye operatori va muxbiriga ko‘zim tushdi. Ular binoni tark etdi, men esa ichkariga kirdim. Keyin bilsam, ular Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rahbaridan intervyu olib ketishgan. Biroz keyin menga yana qo‘ng‘iroq qilib, intervyu berib-bermaganimni so‘rashdi. Go‘shak orqali vaziyatni tushuntirdim.

Ertasi kuni aniq topshiriq berildiki, unga ko‘ra, mana shu xabarni aholiga yetkazish mening zimmamga yuklatildi. Mengacha kunning ikkinchi yarmidi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rahbaridan olingan intervyu efirga berilmagan. O‘shandan boshlab 93 kun davomida tinimsiz, hatto, ba’zi kunlarda 9 martagacha intervyu berishga to‘g‘ri kelgan. 

Kasallik O‘zbekiston hududiga kirib kelganda, menda shunday buyuk Xitoy davlatini sarosimaga solib qo‘ygan bu virus bizning hududimizda qanday kechadi, aholimiz bunga qanday bardosh berarkin, jiddiy talafotlarsiz o‘tamizmi, degan o‘y-fikrlar bor edi. 

Bizda 2 mingtagacha bemorlar qayd etilguncha vaziyatni jilovlab olamiz, degan fikrda bo‘lganman. O‘sha vaqtlardagi intervyularda ayrim ehtimollar haqida gapirganimizda, “namuncha bu odam sovuq xabarlarni yetkazishga intilmasa”, deb e’tiroz bildirganlar ham topilgan. Mana, ko‘rib turibmizki, bizda kasallanganlar soni 80 mingdan oshdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, xavotirimiz o‘rinli bo‘lgan”, deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekov. 


Maqola muallifi

Teglar

Nurmat Otabekov

Baholaganlar

254

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing