Karantin vaqtida diplom himoyasi qanday o‘tkaziladi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda karantin rejimi davrida odamlarning ko‘chiga chiqmasligi va bir joyga to‘planmasligi tavsiya qilinyapti. Karantin rejimi qachon to‘xtatilishi esa hozircha noma’lum. Buning uchun koronavirusga chalingan bemorlar ko‘payishi to‘xtashi kerak.

Ammo kun sayin oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilarning diplom himoyasi, maktab va kollejlarda bitiruv imtihonlari yaqinlashib kelyapti. Bugungi karantin rejimi davom etsa, talabalar diplom himoyasi qanday o‘tkaziladi? Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi  Axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ushbu savolga javob berdi.

“O‘quv yilining bu davriga kelib bitiruvchi kurs talabalari o‘quv mashg‘ulotlari deyarli yakunlangan. Shundan kelib chiqib, yakuniy davlat attestatsiyasini davlat imtihoni shaklida (on-layn test sinovlari, on-layn himoya va boshqa shakllarda) o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda talabalarimizdan asosiy talab karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda uyda o‘qituvchilar tomonidan berilayotgan topshiriqlarni muntazam bajarib borish, kitob o‘qish va o‘quv rejasidagi fanlarni mustaqil o‘zlashtirishdir”, dedi Farhod Babashev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 241 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

OTM diplom koronavirus

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing