Karantin vaqti ko‘chada yurgan bolalarning ota-onalari jarimaga tortilishi rostmi?
Jamiyat
−
17 mart 2020
16377O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda rost ma’lumotdan ko‘ra, yolg‘on va asossiz ma’lumotlar ko‘proq tarqala boshladi. Do‘kon, avtobus va ko‘chalarda yurgan bolalarning ota-onasi jarimaga tortilayotgani haqidagi xabar shulardan biri bo‘ldi.
Mazkur xabarlar yuzasidan berilgan rasmiy xabarda bolalar ko‘chada yurgani uchun ota-onalarning jarimaga tortilayotgani haqidagi xabar asossiz va yolg‘on ekani aytilgan.
Rasmiy ma’lumotda odamlar orasida vahima tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi eslatib o‘tilgan.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Fransiyadan kelgan bemor va uning to‘rt nafar oilasi a’zosi, Parij-Toshkent reysida kelgan yana bir yo‘lovchida, Turkiyadan qaytgan ikki kishida va ulardan birining bir nafar oila a’zosi, shuningdek Londondan qaytgan yo‘lovchida koronavirus aniqlangan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 182 764 kishi koronavirusga chalingan. Shundan, 7174 nafar bemor vafot etgan, 79 884 nafar bemor xastalikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi