Karantin sabab o‘quvchilar sinfda qoldirilishi mumkinmi?
Jamiyat
−
04 aprel 2020
9965O‘zbekistonda barcha maktablar koronavirusning keng yoyilishiga qarshi profilaktika maqsadida 16 martdan yopila boshladi. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi raisi – Bosh vazir Abdulla Aripov ta’lim muassasalaridagi karantin ikki haftagacha davom etishi mumkinligini aytgandi.
Ayrim xorij davlatlarida koronavirus darajasi kamayishi bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlar deyarli yo‘qligi tufayli karantin muddatini uzaytirmoqda. Bizda ham karantin davri muddati maxsus komissiya qarori bilan uzaytirilishi mumkin, degan gaplar ham yo‘q emas. Shu o‘rinda o‘quvchilarning ota-onalarida savol tug‘ilishi mumkin. Agar karantin davri uzoq muddatga cho‘ziladigan bo‘lsa, maktab o‘quvchilarining aynan o‘zi o‘qiyotgan sinfda qoldirilishi ham mumkinmi? Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov QALAMPIR.UZ muxbirining mazkur savoliga quyidagicha javob qaytardi.
“Avvalambor, karantin muddati cho‘zilmaydi, degan umiddamiz. Hozirda telekanallar orqali 4-chorak darslari o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida o‘quvchilar olgan bilimi Kundalik.com tizimi orqali baholab boriladi. Viloyatlarda aholining imkoniyatidan kelib chiqib telefon yoki messenjerlar yordamida baholanadi. Agar hukumat qarori bilan karantin muddati cho‘zilsa, albatta, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda buning chorasi ham ko‘riladi”, deydi Anvar Umarov. U shuningdek, OTMlarga imtihon topshirishi lozim bo‘lgan bitiruvchi sinf imtihonlari masalasiga ham alohida to‘xtaldi.
“Maktablarda bitiruvchi sinflar ham bor. Oliy ta’lim muassasalariga imtihon topshirishi uchun ularga bitirganlik haqida hujjat berilishi zarur. Buning uchun ular avval davlat imtihonlaridan o‘tishi kerak. Mazkur masalalarda vazirlik rahbariyati optimal yechim ustida izlanish olib bormoqda”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda ilk bor koronavirus holati aniqlangani, bemor Fransiya Respublikasida bo‘lib qaytgan ayol kishi ekani aytildi. 18 mart kunidan e’tiboran koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun ta’til e’lon qilingani ma’lum qilingandi.
Darslar telekanallar orqali o‘tilishi e’lon qilingandi. Hozirda televizion darslar milliy teleradiokompaniyaning 4 ta kanalida efirga uzatilishi rejalashtirilgan: 1-4-sinflar uchun “Yoshlar” telekanalida, 5-8-sinflar uchun “Oilaviy”, 9-11-sinflar uchun “Madaniyat va ma’rifat”, amaliy fanlar va 5 ta muhim tashabbus bilan bog‘liq mashg‘ulotlar “Dunyo bo‘ylab” telekanallari orqali efirga uzatilmoqda.
Hozirda O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 221 nafarni tashkil qilmoqda. Koronavirusga chalingan bemorlarning 13 nafari (jami 25 nafar)to‘liq tuzalgani haqida xabar bergan edik. Bemorlardan 2 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi