O‘zbekistonda karantin sabab kechikkan pensiyalar to‘liq to‘lab beriladi
Jamiyat
−
04 aprel 2022
7620O‘zbekistonda karantin sabab yoshga doir pensiya tayinlanishi uchun o‘z vaqtida murojaat qilolmagan fuqarolarga o‘tgan davrlar uchun ham mablag‘ to‘liq to‘lab beriladi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 9 fevraldagi “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi karantin davrida (amal qilgan vaqtda) paydo bo‘lgan va karantin sababli pensiya tayinlash uchun murojaat qila olmagan fuqarolar ushbu karantin tugaganidan keyin bir oy o‘tib murojaat qilgan taqdirda ham fuqarolarga pensiyalar karantin davrida pensiyaga bo‘lgan huquqi paydo bo‘lgan vaqtdan tayinlanadi va bir yo‘la to‘lab berilishi belgilandi.
Bu nima degani?
O‘zbekiston Respublikasida 2020 yil 24 martdan koronavirus pandemiyasi sababli karantin e’lon qilingan va bugungi kunga qadar bekor qilinmagan. Bunda, fuqaro pensiya olish huquqi 2020 yil 24 martdan keyin paydo bo‘lib, pensiya tayinlash uchun 2022 yil mart oyida murojaat qilgan bo‘lsa ham unga pensiya huquqi paydo bo‘lgan sanadan boshlab to‘liq to‘lab beriladi.
Misol uchun, fuqaro (erkak) 2020 yil 1 may kuni 60 yoshga to‘ldi. Biroq, turli sabablar tufayli pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasiga o‘z vaqtida murojaat qila olmadi hamda 2022 yil yanvar oyida (ya’ni 20 oydan keyin) pensiya tayinlash uchun murojaat qildi. Bunda ushbu fuqaroga 2020 yil 1 maydan pensiya tayinlanib, unga 2020 may – 2022 yil yanvar oylari (20 oy) uchun pensiyasi bir yo‘la hamda kelgusida har oylik pensiyasi to‘lanadi.
LiveBarchasi