Karantin qoidalarini buzganlar xorijda qanday jazolanadi?

Bu qiziq

image
O‘zbekistonda karantin tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda north_east

O‘zbekistonda karantin tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Poytaxt eshiklari yopilsa, Toshkent viloyatidan ishga qatnaydiganlar nima qiladi? north_east

Poytaxt eshiklari yopilsa, Toshkent viloyatidan ishga qatnaydiganlar nima qiladi?

Joriy yilning 15 mart kuni koronavirus O‘zbekistonga kirib kelgani rasman e’lon qilindi. Ushbu virusga chalinganlar soni kun sayin ortib bormoqda. Ayni vaqtda bemorlar 46 kishini tashkil etmoqda. Koronavirus keskin tarqalishining oldini olish maqsadida, infeksiya bilan kasallangan, ular bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar karantinga olingan. Ammo ko‘pchilik koronavirus qanday xavfli kasallik ekanini bila turib, qolaversa, ogohlantirishlarga qaramay karantin talablarini buzmoqda. Hatto, karantin hududidan qochib, boshqalarga xavf tug‘dirgan, kasallikning ommalashishiga sababchi bo‘lganlar ham bor. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi doirasida chora ko‘rilmoqda. Kimgadir jarima qo‘llanilsa, kimdir muayyan huquqidan mahrum bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2571-moddasida sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzgan shaxslarga javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar bu ish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, ya’ni 54-moddasida qayd etilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik holati bo‘yicha — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan. 

Xo‘sh, bu holat chet el tajribasida qay tartibda yo‘lga qo‘yilgan?

AQSH qonunchiligiga ko‘ra, agarda siz karantin qoidalarini buzsangiz 1000 AQSH dollarigacha jarimaga tortilishingiz mumkin yoki bir yildan ko‘p bo‘lmagan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin yoki ikkalasi ham qo‘llanilishi mumkin.

Fransiyada karantin qoidalarini buzuvchilar soni keskin oshib ketdi. Tadqiqotchilarning ayrimlari bunga berilayotgan sanksiyaning kuchsizligini asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda. Avvaliga 35 yevroni tashkil qilgan jarima miqdori hozirda 135 yevroga ko‘tartirilgan. Fransiya Ichki ishlar vaziri Kristof Kastanerga ko‘ra, birinchi kundanoq 4 mingdan ortiq fuqaro jarimaga tortilgan. Agar holat shunday davom etsa, jarima summasi oshirilib 375 yevro qilib belgilanishi mumkin.

Norvegiyada qasddan yoki o‘ta ehtiyotsizlik oqibatida karantin qoidalarini buzadigan bo‘lsangiz sizga jarima yoki 6 oygacha qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin. Avvallari ushbu dispozitsiyaning sanksiya qismi og‘irroq edi. Bu holat ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi va jazo liberallashtirildi.

Italiya Hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, karantin davrida 8 kun ichida 50 mingdan ortiq huquqbuzarlik holatlari qayd etilgan. Italiyada asossiz ko‘chada yurgan fuqarolarga 206 yevro miqdorida jarima solinmoqda. Hukumat shuningdek, karantin qoidalarini buzgan shaxslarni 3 oygacha qamoq jazosi bilan jazolashini aytmoqda. OAVlarga ko‘ra, Italiya aholisi korovirus bilan kasallangan davlatlar ichida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Hozirda COVID-19 bilan kasallangan bemorlar soni 59138 nafarni tashkil qilmoqda. Vafot etganlar soni esa 5560tani tashkil qiladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, belgilangan sanitariya-epidemiologiya qoidalarini qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida buzish ommaviy zaharlanish yoki boshqa jiddiy oqibatlarga olib kelsa, 6 toifadagi jarima jazosi yoki ikki yilgacha muayyan lavozimni egallash, muayyan huquqdan mahrum etish jazolari tayinlanishi mumkin. Voyaga yetmaganlar uchun jarima miqdori 120 mingdan 140 ming somgacha, boshqa jismoniy shaxslarga esa 260 ming somdan 300 ming somgacha belgilangan.

Qo‘shni Qozog‘iston qonunchiligiga qaraydigan bo‘lsak, sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining talabini bajarmaslik, oylik hisoblash indeksining 500 barobar miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan sanitariya-epidemiologiya nazorati talablarini bajarmaganlik uchun 5 million tengegacha jarima solinishiga olib keladi. Agar bunday harakatlar oqibatida kasallik ommaviy zararlanishga olib keladigan bo‘lsa, oylik hisoblash indeksining 2 ming barobar miqdorida jarima solinishi yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lishga olib keladi.

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko‘ra, sanitariya-epidemiologiya qoidalarini buzish odamlarning ommaviy zararlanishiga olib kelsa, 80 ming rublgacha jarima, 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki muayyan lavozimda ishlash, 360 soatgacha majburiy mehnatga jalb qilish yoki bo‘lmasa bir yilgacha ozodlikni cheklash jazosi berilishi mumkin. Ya’ni Rossiya qonunchiligida alternativ jazo turi ko‘p. Bu holat odam o‘limiga sabab bo‘lsa, 480 soatgacha majburiy ishga jalb etish, 6 oydan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga yuborilishi yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

karantin koronavirus

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing