Karantin qoidalariga amal qilmaganlarga qanday javobgarlik belgilangan?
Bu qiziq
−
18 mart 2021
9695Ma’lumki, O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgani munosabati bilan 2020 yilning 16 martidan buyon karantin va cheklov choralari e’lon qilingan. Mazkur choralar kasallik qayd etilish holatlari va umumiy epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan ba’zan kuchaytirilib, ba’zan yumshatilib turilibdi.
Oxirgi kunlarda mamlakatda koronavirus bilan kasallanish holatlari yana ortmoqda. Birgina 17 mart kuni O‘zbekistonda 113 kishida koronavirus aniqlandi. 16 martdan e’tiboran poytaxt Toshkentning Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlaridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari onlayn-ta’lim tartibiga o‘tkazildi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda karantin va cheklov tadbirlari biroz yumshatilgan bo‘lishiga qaramay, hamon ijtimoiy masofa saqlash, tozalikka rioya qilish va niqobdan foydalanish asosiy talablar bo‘lib qolmoqda. Shu o‘rinda eslab o‘tish o‘rinli, xo‘sh, niqob taqmaganlik yoki karantin choralariga rioya qilmaganlik uchun qonunchilikda qanday tartib belgilangan?
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi 54-moddasida Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:
karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash qoidalari kiritildi.
Darhaqiqat, MJtKning 292-moddasida “Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash” belgilangan.
Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etiladi.
Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanadi.
Shohruh Olimjonov
huquqshunos
LiveBarchasi